Davomiyligi: 1 - 3 soat
O‘qituvchi uchun so‘zboshi
Xolokost davri voqealari haqida fikr yuritar ekanmiz, shartli ravishda "uchinchi tomon" deb atash mumkin bo‘lgan odamlarni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ular na jallod (natsistlar va ularning sheriklari kabi), na qurbonlar (yahudiylar kabi) edi va ular genotsidni chetda turib kuzatar edilar. O‘zbek tiliga aniq tarjimasi bo‘lmagan va so‘zma-so‘z "yonida turganlar" degan ma’noni anglatuvchi inglizcha "bystanders" so‘zi ularning harakatsizligiga ishora qiladi, lekin – ular tutgan yo‘l qanchalik passiv tuyulmasin - ular Yevropa yahudiylari boshiga tushgan Falokatda o‘ynagan rolini tasvirlamaydi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng tarixchilarga shu narsa ayon bo‘ldiki, agar bu “chetda turib kuzatadiganlar” fashistlar hukmronligi ostidagi yahudiylar taqdiriga bu qadar passiv, bu qadar befarq bo‘lmaganida edi, qurbonlar soni kamroq bo‘lishi mumkin edi.
Biz “chetda turib kuzatadiganlar” deb atayotgan – hatto Ikkinchi jahon urushi yillarida ham okkupatsion rejim va yashash sharoitlari hayratlanarli darajada farq qiladigan turli mamlakatlarda yashagan, turli milliy tarixga ega bo‘lgan odamlarga aniq bir ma’noli tavsif berish unchalik oson emas. Ammo bir narsani ishonch bilan aytish mumkin: aholining yuqorida sanab o‘tilgan uchta guruhi– qurbonlar, qotillar va "chetda turib kuzatadiganlar" - orasidan uchinchisi, shubhasiz, eng ko‘p sonli edi. Ushbu qo‘llanmada biz o‘quvchilarimiz Xolokost tarixida qurbonlar va qotillar qanday bo‘lganligi haqida allaqachon tasavvurga ega bo‘lgan deb hisoblab, aynan ushbu alohida guruhga e’tibor qaratamiz. Biz pedagoglar uchun har doim ham dolzarb bo‘lib qoladigan masalalarga, masalan, og‘ir vaziyatga tushib qolgan odamning xatti-harakatlariga to‘xtalib, " chetda turib kuzatadiganlar”ning xatti-harakatlarini tahlil qilishga urinib ko‘rdik. Biz boshlang‘ich nuqta sifatida mavhum odamni emas, balki aniq bir shaxsni - urushdan oldin yaxshi qo‘shni, yaxshi do‘st, o‘qituvchi, rassom, kambag‘al yoki boy, ba’zan o‘qimishli, ba’zan unchalik o‘qimishli bo‘lmagan odamni olamiz – u qay darajada inson bo‘lib qola oldi?
Dunyo sukunati
"Chetda turib kuzatadiganlar”ning sukunati va harakatsizligini qanday izohlashimiz mumkin? Tarixchi Maykl Marrus zamonaviy terminologiyaga o‘zi "salbiy tarix" deb atagan tushunchani kiritadi. Bu sodir bo‘lmagan narsa - harakatsizlik, befarqlik, hamdardsizlikning tarixidir va bu tarixni qoralash oson va tushuntirib berish esa ancha qiyinroqdir.
(M.R. Marrus Tarixdagi halokat. Toronto, 1987 yil, 157-bet)
Eli Vizel 1933-1945 yillar oralig‘ida sodir bo‘lgan voqealarni sarhisob qilar ekan, shunday dedi: “Erkinlik yo‘q edi va vijdon ham yo‘q edi. Qotillar o‘ldirar edi. Qushxona ishlab turar edi. Qurbonlar halok bo‘laverar edi. Dunyo sukut saqlar edi".
(Genri Fransis. Qurbonlar va qo‘shnilar. Mass. 1984 yil, 38-bet)
Xolokost tarixi ko‘p jihatdan "chetda turib kuzatadiganlar "ning ham tarixidir.
Ushbu ta’rif bilan biz ushbu kontekstda bevosita guvohni nazarda tutamiz, bu guvoh uchun faol aralashuv va passiv ishtirok etish o‘rtasida tanlov qilish imkoniyati mavjud edi. Biz oddiy odamlar haqida, ko‘pincha oddiy hayot kechirishni davom ettirgan, atrofda sodir bo‘layotgan voqealarning dahshatidan o‘zini olib qochgan odamlar haqida so‘z yuritayapmiz: ular farzandlarini katta qilishda davom etar, hayotlarini tartibga solar, gullarni sug‘orar va tug‘ilgan kunlarni nishonlar, Ponar o‘rmonida rezavorlar terar edilar... Passiv guvohni u yoki bu tomonga tanlov qilishga majbur qiladigan chegara qayerda o‘tar edi?
"Chetda turib kuzatadiganlar", "bystanders ", o‘z mohiyatiga ko‘ra, bir "tomon" yoki guruh emas, balki ishtirok etuvchilarning bir nechta guruhidir:
a) Hududida Xolokost sodir bo‘lgan mamlakatlar aholisi.
b) Gitlerga qarshi koalitsiya davlatlari - AQSh, Buyuk Britaniya, SSSR. Urushda fashistlar Germaniyasining muxoliflari bo‘lsalarda, ular fashistlar genotsidi qurbonlari bo‘lgan yahudiylarning "ittifoqchilari" emas edi, balki ularga nisbatan "uchinchi tomon" rolini o‘ynagan edilar.
v) Betaraf davlatlar: Shveytsariya, Shvetsiya, Turkiya, Ispaniya va Portugaliya.
g) Erkin dunyoning yahudiy jamoalari, shu jumladan Erets Israelning (mandat ostidagi Falastindagi) yahudiy aholisi.
e) nufuzli jahon tashkilotlari va eng avvalo - katolik cherkovi.
(Michael R. Marrus. The Holocaust in History. Toronto, 1987, pp.156-183)
Yuqoridagi guruhlar bir-biridan nafaqat geografik, balki, asosan, sodir bo‘layotgan voqealarga u yoki bu yo‘l bilan qarshi turishning real imkoniyatlari nuqtai nazardan bir biridan qanchalik farq qilishini tushunish uchun hatto yuzaki nazar tashlash ham kifoya qiladi.
Tub mohiyat
Ushbu qo‘llanmada biz yuqorida tilga olingan guruhlarning faqat birinchisi - bosib olingan mamlakatlar aholisini ko‘rib chiqamiz.
Hududida Xolokost sodir bo‘lgan mamlakatlarning atrofdagi yahudiy bo‘lmagan aholisi "chetda turib kuzatadiganlar"guruhi bo‘lib, yahudiylarning taqdiri ko‘p jihatdan ular tutadigan pozitsiyaga bog‘liq edi. Bu yerda so’z Yevropaning uzoq yillar - ikki yuz yildan tortib to ming yilgacha bolgan davr- davomida yahudiylar bilan yonma-yon yashab kelgan millionlab aholisi haqida ketmoqda. Ularning munosabatlari XX asrga kelib Yevropa xalqlari yahudiylarning tarixda misli ko‘rilmagan darajadagi ta’qiblarga duch kelishiga guvoh bo‘lishlari va butun bir xalqning ommaviy ravishda qirg‘in qilinishi bilan yakunlangunicha tanazzul va yuksalish davrlarini boshidan kechirdi. Insoniy nuqtai nazardan bosib olingan mamlakatlar aholisi natsizmning birinchi qurbonlari sifatida yahudiylarga nisbatan birdamlik ko‘rsatishini kutish mumkin edi, ammo bu ko‘plab sabablarga ko‘ra sodir bo‘lmadi.
Harbiy mag‘lubiyat va undan keyingi istilo odamlarni umumiy dushmanga qarshi birlashtirmadi, aksincha, jamiyatni atomizatsiya qildi, ya’ni uni har biri o‘zi va o‘z hayoti haqida qayg‘uradigan va boshqa odamlar to‘g‘risida o‘ylashga moyil bo‘lmagan alohida odamlarga bo‘lib tashladi. Yahudiylar jamiyatning atomizatsiyasini birinchilardan bo‘lib his qilishdi - ularning atrofidagi odamlar ularning taqdiriga befarq va ko‘pincha ochiqdan-ochiq dushmanlik kayfiyatida bo‘ldilar.
Bizning vazifamiz natsistlar sheriklarining, yoki aksincha, "olam solih insonlari" deb ataladigan odamlarning xatti-harakatlarini tahlil qilishdan iborat emas edi - bizni yovuz yoki qahramon emas, balki bu dahshatli yillarda bor-yo‘g‘i tirik qolishni xohlaydigan, lekin shu bilan birga u yonida butun bir xalq halok bo‘layotganini sezmay qolishi mumkin bo‘lmagan oddiy odam qiziqtiradi. Bu odamlarning sodir bo‘layotgan voqealarga munosabati bir xil emas - va biz ba’zida hamdardlikni befarqlikdan, befarqlikni esa deyarli sheriklikdan ajratib turuvchi chegaraning ba’zan qay darajada farqlab bo‘lmaydigan ekanligini ko‘ramiz. Shu ma’noda mazkur qo‘llanmaning axborot nuqtai nazaridan boyligi mualliflar o‘z oldiga qo‘ygan pedagogik vazifalardan ajralmasdir. O‘quvchilarga betaraflikdan u yoki bu tomonga har qanday og‘ish ta’qib ostida bo‘lgan yahudiylar uchun hayot va mamot masalasi bo‘lgan chegaraviy vaziyatda odamning xatti-harakati bo‘yicha material taklif qilinadi. Bosqinchilik rejimi mo’tadilroq bo‘lgan va yahudiylarga yordam berish o‘lim xavfi bilan bog‘liq bo‘lmagan mamlakatlar ham bor edi. Shu bilan birga, hatto fashistlar tuzumi o‘ta shafqatsizligi bilan ajralib turadigan mamlakatlarda ham mahalliy aholi ba’zan boshqa joylarga qaraganda quvg‘inga uchraganlarga ko‘proq hamdardlik ko‘rsatishga va yordam berishga tayyor ekanligini namoyon qilar edi. Biz ushbu material orqali o‘quvchilarga sodir bo‘layotgan voqealar uchun aybdorlik va ma’naviy javobgarlik, oddiy befarqlik va passiv hamdardlik o‘rtasidagi farqni tushunish imkoniyatini berishni istaymiz. Muammo “bystanders”ga, ya’ni “chetda turib kuzatadiganlar”ga muayyan xatti-harakatlari uchun sud hukmini e’lon qilishda emas – biz keltirgan hujjatlarning aksariyatida aynan harakatsizlik va inson faqat o‘z oldida javob beradigan sud – o‘z vijdonining sudi haqida gap boradi.
Tarixga muqaddima
Ushbu tarixiy sharh ham G‘arbiy, ham Sharqiy Yevropaning bir nechta mamlakatiga taalluqli bo‘lib, ularning har birida mahalliy yahudiylarning taqdiri shafqatsizlik darajasi va istilo rejimining davomiyligi, mahalliy sharoit va atrofdagi aholining yahudiylarga munosabatiga qarab turlicha kechdi. Garchi bu oxirgi omilni hal qiluvchi deb atash mumkin bo‘lmasa-da, har holda biz shuni ko‘ramizki, mahalliy aholi qanchalik befarq bo‘lsa, nemislar uchun "yahudiy masalasining yakuniy yechimi" shunchalik oson bo‘lgan.
1939 yil
Polsha
...1939 yilgi harbiy tahdid Polsha jamiyatini jipslashtirdi. 1939 yilning yozida an’anaviy tarzda antisemit kayfiyatidagi Polshada katoliklar va yahudiylar o‘rtasida ajoyib birdamlik kuzatilar edi. 1939 yilning sentyabr oyi boshida polyaklar va yahudiylar Varshavani yonma-yon turib himoya qildilar, havo hujumlari paytida tomlarda navbatchilik qildilar va hokazo.
Biroq, Varshava qulashi bilanoq, ko‘plab polyaklarning yahudiylarga qarshi kayfiyatlari misli ko‘rilmagan kuch bilan avj oldi – polyaklar go‘yoki mag‘lubiyatda yahudiylarni ayblashar edi. Varshavadagi polyaklar 1939 yil oktyabr oyida yahudiylar uchun majburiy mehnat joriy etilishini olqishladilar; hatto "Hitler kochany, Hitler złoty, nauczył żydów roboty" (Aziz va qimmatli Gitler, yahudiylarni ishlashga o‘rgat) degan kinoyali bayt paydo bo‘ldi.
Atrofdagi aholining yahudiylar taqdiriga befarqligining asosiy sabablarini qaysidir ma’noda insoniy jihatdan tushunsa bo‘ladi. Bu sharoitda o‘z hayoti uchun qo‘rquv (yahudiyni berkitgani uchun jazo joyida otib o‘ldirish edi), ertangi kunga nisbatan ishonchsizlik, urush va okkupatsiya natijasi o‘laroq ochlik va vayronagarchilik ustunlik qilar edi. Polshada hukm surgan nemis istilosi Sharqiy Yevropadagi eng shafqatsiz va uzoq davom etgan istilolardan biri edi. Germaniya mamlakatda o‘zining mutlaq hokimiyatini o‘rnatdi va polyaklarga o‘zini o‘zi boshqarishning minimal imkoniyatini ham qoldirmadi. Natsistlar nazariyasiga ko‘ra slavyan xalqlari "irqiy jihatdan past" deb hisoblangan va faqat "oliy" irqqa - ariylarga bo‘ysunishi va ular uchun ishlashi kerak edi. Urushdan oldingi Polshada yashagan 3 325 000 yahudiyning deyarli 3 millioni halok bo‘ldi.
1940 yil
G‘arbiy Evropa
Natsistlarning hokimiyat tepasiga kelishi va nemis xalqi ongiga irqchilik mafkurasining singdirilishi bilan yahudiylarni jamiyat hayotining barcha sohalaridan doimiy ravishda chetlashtirish boshlandi. Butun G‘arb jamiyatini larzaga solgan jahon iqtisodiy inqirozi nafaqat ishsizlikni, balki yahudiylarning davlat lavozimlaridan, universitetlar, maktablar, tibbiyot, fan, san’at va hokazolardan chetlashtirilayotganiga ham befarqlikni oshirdi. Nyurnberg qonunlari yahudiylarni deyarli jamiyatdan chiqarib yubordi va Billur tun ularni o‘z mamlakatida uzil-kesil qochqinga aylantirdi. 1941 yilda Sharqqa ommaviy deportatsiyalar boshlandi. Nemis yahudiylari va avstriyalik yahudiylar Polshadagi Lodz gettosiga va bosib olingan Sovet hududlaridagi gettolarga: Minsk, Riga va Kaunasga surgun qilindi. Ularning aksariyati manzilga etib kelishi bilanoq otib tashlandi.
Germaniya va Avstriyadagi olam solih insonlari soni Frantsiya va Sharqiy Yevropaga nisbatan kam edi. Avstriyalik yahudiylarning qariyb 70 foizi anshlyus - Avstriyaning Germaniyaga qo‘shilishidan keyin ko‘chib ketishga muvaffaq bo‘ldi, qolganlari - taxminan 65 ming kishi - lager va gettolarda o‘z o‘limini topdi.
Frantsiya
Frantsiyada istilo sharoitlari Sharqiy Evropaga qaraganda ancha yengilroq edi. Faqat shimoliy Frantsiya fashistlarning to‘liq nazorati ostida edi, uning janubiy hududlari esa "Vishi hukumati" deb nomlanuvchi hukumat nazorati ostidagi "erkin hudud" hisoblanar va u, aytish joizki, istilochilar kabi, biroq o‘z tashabbusi bilan, o‘ziga tobe hududlarda yahudiylarga qarshi irqchilik qonunlarini joriy qilar va yahudiylarni o‘lim lagerlariga deportatsiya qilish bilan shug‘ullanar edi.
Bosib olingan Shimolda ham 1942 yil 16-17 iyuldagi 28 ming parijlik yahudiylar Dransi shahriga yuborilgandagi (u yerdan esa faqat bitta yo‘l bor edi – Aushvitsga) "katta qurshov" asosan mahalliy Parij politsiyasining urushdan oldingi tarkibidagi kuchlar tomonidan amalga oshirildi. Politsiyadan tashqari, yahudiylarni qidirish va tutib berish bilan natsistlar tomonidan tashkil etilgan militsiya otryadlaridagi ko‘ngillilar shug‘ullangan. 1943 yilda frantsuzlarning jamoat ongida keskin o‘zgarish ro‘y berdi va shunga muvofiq bosqinchilar bilan sheriklikka nisbatan munosabat o‘zgardi. Mahalliy politsiya borgan sari nemislar bilan hamkorlik qilishni istamaydi - deportatsiyalar borgan sari kamayib boradi va nihoyat to‘xtaydi. Frantsiyadagi 350 000 yahudiyning 20 foiziga yaqini halok bo‘ldi.
Gollandiya va Belgiya
Gollandlar, irqiy nazariyaga ko‘ra, nemislar bilan bog‘liq qabilalarning avlodlari hisoblangan. Shuning uchun, Frantsiyadan farqli o‘laroq, Gollandiyada, u 1940 yil may oyida istilo qilinganidan so‘ng, mahalliy natsistlar partiyasiga asoslangan german fuqarolik ma’muriyatining qattiq rejimi o‘rnatildi. Mahalliy aholining ancha faol noroziligiga qaramay, 1942 yil iyun oyining oxiridan boshlab gollandiyalik yahudiylarni o‘lim lagerlariga deportatsiya qilish boshlandi va u tobora kengayib bordi. Gollandiya yahudiy aholisining bor-yo‘g‘i 25 foizi Xolokostdan omon qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Okkupatsiya davrining boshida nemislar Belgiyaning "yangi tartib"dagi o‘rni bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqmagan edi. Faqat 1941 yil oktyabr oyidan yahudiylarga qarshi qonunlar qabul qilish boshlandi. Ammo ularni amalga oshirish to‘xtab qoldi. Yahudiylarni qutqarib qolishda Belgiya katolik cherkovi muhim rol o‘ynadi, chunki uning rahbari kardinal van Ruy deportatsiyalarga shaxsan qarshi chiqishdan qo‘rqmadi. Mahalliy yashirin tashkilotlar yahudiylarni (ayniqsa, bolalarni) qutqarishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri deb bildi. Belgiyada butun urush davomida yahudiylarni Sharqqa olib ketayotgan transportga partizanlar hujum qilgan yagona holat sodir bo‘lgan. Umuman olganda, Belgiyadagi yahudiylarning 50 foizga yaqini Xolokostdan omon qoldi.
1941 yil
SSSRga bostirib kirish
Sovet Ittifoqining bosib olingan hududlarida yuqorida aytib o‘tilgan jarayonlarga o‘xshash jarayonlar sodir bo‘layotgan edi, ammo ular butun "Barbarossa" operatsiyasi ajralib turgan kuchli mafkuraviy antikommunistik motivatsiya, okkupatsion rejimning tengsiz shafqatsizligi, shuningdek, har bir mintaqaning mahalliy xususiyatlari sababli yuzaga kelgan juda keskin ko‘rinishlarda edi. Keling, buni sobiq Sovet Ittifoqining ikkita respublikasi - Ukraina va Litva misolida ko‘rib chiqaylik.
Ukraina
Yahudiy-ukrain munosabatlari ikki xalqning birgalikdagi tarixi davomida juda dramatik tarzda kechgan. Bir tomondan, ukrainalik tarixchi Ya. Dashkevichning quyidagi so‘zlarida qandaydir haqiqat bor:
“...Ukrain-yahudiy munosabatlarining sifatini 356 yil davomida ma’lum darajadagi normal birga yashash belgilab bergan. Aks holda, XX asrning boshlariga kelib jahon yahudiylarining uchdan bir qismi Ukrainada to‘planmagan bo‘lar edi”. (Svit jurnali, 1991 yil, 3-4-son, 35-bet).
Ammo boshqa tomondan, xmelnitchilik (ukrain xalqining polyak xukmronligiga qarshi ozodlik urushi), gaydamatchilik (O‘ng qirg‘oqdagi Ukrainadagi polyak pomeshchiklariga qarshi qo‘zg‘olonchilar harakati), Birinchi jahon va Fuqarolar urushi davridagi qonli pogromlar yahudiy xalqining umumiy xotirasida o‘chmas iz qoldirmay qolmas edi.
Tarixchi Martin Fellerning qayd etishicha, o‘tgan asrning 30-yillarida Sovet hokimiyati yahudiylar va ukrainlar o‘rtasidagi adovatni kuchaytirish uchun ko‘p ishlar qilgan. (Martin Feller. Poshuki, spogadi, rozdumi (Qidiruvlar, xotiralar, mulohazalar) ... (ukrain tilida) Drogobich, Vidrodjennya, 1998 yil, 158-bet) Sovet Ukrainasida, bu, masalan, “Yevropaning g‘alla koni” tarixida misli ko‘rilmagan ocharchilik bilan kechgan majburiy kollektivlashtirish edi va bu ocharchilik ko‘p odamlar uchun o‘zi yahudiy bo‘lgan xalq komissari Kaganovich nomi bilan bog‘lanadi. Ammo mahalliy antisemitizm Ikkinchi jahon urushi paytida G‘arbiy Ukrainada hammasidan ham dahshatliroq yo‘sinda namoyon bo‘ldi. G‘arbiy Ukraina yahudiylari uchun bu urush 1939 yildayoq boshlangan edi. Ikki diktatorning kelishuvi bilan Polsha XVIII asrda bo‘lgani kabi yana bosib olingan va bo‘lib tashlanganida, Germaniya tomonidan ishg‘ol qilingan hududlardan Galitsiya va Volinga qochqinlar oqimi yopirildi, bu esa mintaqada yahudiylar sonining 12 foizgacha ko‘payishiga olib keldi.
Yangi hokimiyat darhol va ortiqcha shovqin-suronsiz milliy – ham ukrain, ham yahudiy- partiyalar rahbarlarini qatag‘on qildi. Bu fakt (albatta, yahudiy rahbarlari ham qatag‘on qilinganini eslamasdan) keyinchalik natsistlar tashviqotida keng qo‘llanildi. Mintaqaga yuborilgan partiya, xo‘jalik, harbiy va boshqa xodimlar orasida yahudiylarning kam bo‘lmaganligi ham muhim rol o‘ynadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, natsistlar Ukrainadagi yahudiy-ukrain munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini va ularning alohida mintaqalardagi o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshi bilishgan. Misol uchun, g‘arbiy viloyatlarda nemis razvedkasi bilan aloqada bo‘lgan Ukraina millatchilari tashkiloti (UMT – ruschada OUN) a’zolari Polsha zulmiga qarshi kurashuvchilar orasida katta obro‘ga ega edilar. SSSR bilan urush boshlanishidan oldinoq OUN vakillari nemis o‘quv lagerlarida harbiy ishga tayyorlanar va o‘qitilar edi. Aynan ulardan keyinchalik "Naxtigal" va "Roland" maxsus batalonlari tashkil qilingan. OUN tashviqotining asosiy aqidasi "Moskva va yahudiylar Ukrainaning eng katta dushmanlari" edi. Stalin tuzumining qatag‘onlari, urush arafasida NKVD xodimlarining jinoyatlari va Qizil Armiya chekinayotgan paytda ular tomonidan amalga oshirilgan maxbuslarning ommaviy otib tashlab qatl etilishi OUN tashviqoti bilan faqat yahudiylar tomonidan amalga oshirilgan deb taqdim qilinar edi. Bu G‘arbiy Ukrainaning shahar va qishloqlaridagi, ko‘pincha nemislar kirib kelishidan oldin ularning maxsus buyrug‘isiz amalga oshirilgan ko‘plab pogromlar va qotilliklar uchun rasmiy bahonalardan biri bo‘lib xizmat qildi. 1941 yil yozida Ukrainada 31 ta pogrom ro‘y berdi - ulardan 27 tasi OUN ta’siri kuchli bo‘lgan G‘arbiy Ukrainada bo‘lib o‘tdi.
Litva
...Xuddi shu 20-yillarda, Jabotinskiy Ukraina havosi antisemitizm zahariga to‘yinganligi haqida yozganida, mustaqil Litvadagi yahudiy avtonomiyasi Sharqiy Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi yahudiylar faqat orzu qilishlari mumkin bo‘lgan namunaga aylandi. O‘tgan asrning 30-yillarida Litvaning o‘sha paytdagi poytaxti Kaunasga tashrif buyurgan ajoyib yahudiy shoiri va taniqli sionist Xaim Nachman Byalik o‘zi ko‘rganlari ta’siri ostida agar Vilnyusni Litvaning Quddusi deb atashsa, Litvaning o‘zi diasporaning Isroili deb atalishga loyiq, deb yozgan edi. Litva Polshaga qo‘shib olingan Vilen Litvasi bilan solishtirganda jannat edi.
Xo‘sh, u holda nima uchun ikki jahon urushi o‘rtasida qonli pogromlar bo‘lmagan (Ruminiya, Germaniya, Ukrainada bo‘lgani kabi, antisemit qonunlar (Vengriyadagi kabi) bo‘lmagan, antisemit nashrlar bo‘lmagan (Polshada bo‘lgani kabi) Litvada o‘ldirilgan yahudiylarning ulushi Yevropada eng katta edi? Nima uchun "Litva Quddusi" - Vilnyus tarixi Ponyaryayda tugadi? -deb savol beradi litvalik tarixchi Vigantas Vareykis (bibliografiyaga qarang).
Aniq javob yo‘q, lekin bu haqda mulohaza yuritganda Litva yahudiyligi tarixi ikki jahon urushi orasidagi davr bilan chegaralanmaganligini yodda tutish kerak. Bir necha asrlar davomida shakllanib kelayotgan litva-yahudiy munosabatlarining tarixiy istiqboliga nazar tashlab, ularning ba’zi xususiyatlarini ajratib ko‘rsatamiz:
Yonma-yon, deyarli kesishmasdan mavjud bo‘lgan ikkita o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan jamoa (sof iqtisodiy manfaatlar bundan mustasno).
Litvada folklor, qisman ertaksimon xarakteriga ega bo‘lgan, xalq xurofotlariga asoslangan va Sharqiy Yevropaning qishloq joylariga xos bo‘lgan diniy dunyoqarashning bir qismi bo‘lgan antisemit bid’atlari yetarli darajada kuchli saqlanib qolgan. Litvaning assimilyatsiyalangan yahudiylari metropoliya madaniyatiga - u Rossiya yoki Polsha bo‘lsin – intilar, litva tilini bilmas va shuning uchun begona hokimiyatga qo‘shilgan edi va Litva milliy tiklanish g‘oyasiga dushman bo‘lgan guruh sifatida ifodalanar edi.
Mustaqil Litva iqtisodiyotini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga katta hissa qo‘shgan yahudiy kapitali va yahudiy burjuaziyasi ma’lum bir bosqichda faqat mahalliy Litva burjuaziyasining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi raqobatchilar sifatida qabul qilina boshladi. Xuddi Ukrainada bo‘lgani kabi, 1939 yil may oyida Litvada Valdamaras boshchiligidagi yashirin natsistlar partiyasi tuziladi, uning rahbariyati 1940 yilda Sovet istilosi boshlanishi bilan Berlinga qochib ketadi va u yerda Germaniya hukumati va Berlindagi sobiq Litva elchisi K. Skirpa ko‘magida yirik fashist tashkiloti LAF - Litva faollari frontiga aylanadi. Aynan ular - milliy tiklanish shiori ostida - keyinchalik Litva hududida yahudiylar genotsidi g‘oyasining tarqatuvchilaridan biriga aylanadi.
Xuddi bungacha Ukrainada bo‘lgani kabi, oddiy Litva aholisining ko‘z o‘ngida yahudiylar milliy ozchilik sifatida sovet bosqinchi rejimini qo‘llab-quvvatlash va bu davrda Litva xalqiga qarshi qatag‘onlar uchun boshqalardan ko‘ra ko‘proq javobgar edilar. Milliylashtirilgan korxonalarning 57 foizi yahudiylarga tegishli ekanligi, Litva millatchilari bilan bir qatorda sionistlar ham ta’qib qilingani, ravvinlar katolik ruhoniylari bilan teng ravishda ta’qib qilingani, deportatsiya qilinganlarning 4 foizi yahudiylar ekanligi, Sovet davrida hokimiyat tepasida turganlar orasida ko‘pchilikni ruslar va litvaliklar tashkil qilganligi (Vareykis va Aydentas ma’lumotlariga ko‘ra) kabi faktlarga deyarli hech kim ahamiyat bermas edi. Boshqa tomondan, Litva tarixida birinchi marta yuqori lavozimlarni egallagan kam sonli yahudiylar va oddiy yahudiylar Sovetlarning kelishini, umuman olganda, natsistlar istilosiga qaraganda kichikroq balo sifatida ko‘rib (ular orasida bosib olingan Polshadan qochgan yoki u yerda yaqin qarindoshlari bo‘lganlar sezilarli foizni tashkil etar edi), mamnuniyat bilan kutib olishgani ko‘zga tashlanar edi.
Voqealarning fojiaviy ravishda bir-biriga to‘g‘ri kelib qolishi – eng dahshatli stalincha deportatsiyalar 1941 yil 14-15 iyun kunlari - nemis bosqinidan bir hafta oldin - sodir bo‘ldi va ular hali odamlarning xotirasidan o‘chmagan edi.
Bularning barchasi har ikki mamlakatdagi dastlabki vaziyatning farqlanishiga qaramay, G‘arbiy Ukrainada bo‘lgani kabi, Litvada ham qonli pogromlarning nemis bosqinchi hokimiyat qarorlari chiqishidan oldin mahalliy tashabbus bilan boshlanishiga olib keldi.
Birinchi qism: "Chetda turib kuzatadiganlar" nimani his qilar edi
Ichiqoralik
Doktor Elena Buyvidayte-Kutorgenening kundaligidan
(1941 yil iyundekabr oylari) 25-iyun ....Yorqin, ochiq, issiq kun. Shaharda nemislar. Boshlandi...
Bugun shahar juda ko‘p Litva davlat bayroqlari bilan bezatilgan... Ko‘chalarda qo‘llariga milliy bog‘ichlarni bog‘lab olgan qurollangan odamlar ko‘p. Odamlar juda ham yoqimsiz, yovuz, miltiqlarini qiya tutib yurishadi. Ular yahudiylarni yakka holda yoki guruh-guruh qilib, ularga g‘amgin tikilib olib ketmoqdalar... Baland bo‘yli, orasta kiyingan, rangsiz, xotirjam va qat’iyatli chehrali keksa yahudiy, keyin bir to‘da ayollar, qariyalar abadiy esimda qoldi.
Bu guruhlardan birining oldida er-xotin bor edi; ular keksa bo‘lib, bir-birlarini mehr bilan tutib borar edilar. Meni uzun syurtuk kiygan, dadil va mag‘rur ketayotgan yosh yahudiyning rangpar chehrasi hayratda qoldirdi... Laysves xiyobonida yig‘ilgan olomon o‘tib borayotganlarni tahqirlar, masxara qilar, qahqaha otar va kular edi. O‘rta yoshli bir ayol ko‘zlarida yosh bilan menga yaqinlashdi: "Odamlar bunday voqeadan xursand bo‘lishlari qanchalik dahshatli". Ko‘rganlarimning bari meni larzaga soldi, yakson qildi. Qamoqxona yonida ham juda ko‘p qiziquvchan odamlar turardi. Viloyatdan chang bosgan ko‘k avtobus kelib, undan qo‘pol tarzda haydalib, o‘ttiz nafar yahudiy tushirildi. Ular qo‘pol va jahl bilan "Tezroq! " deb baqirayotgan qurollangan odamlar safidan o‘tib ketdi. Odamlar atrofda turar va ichiqoralik qilar edilar. Bu g‘azab, bu shafqatsizlik qayerdan paydo bo‘ldi? Aftidan, o‘z hukmronligidan zavqlanayotgan bu "partizanlar" qandaydir butun vujudlari bilan berilgan holda, g‘oliblar havosi bilan qurol-yarog‘ bilan yugurib yurishibdi.
V. Grossman, I. Erenburg (tahr.), Qora kitob, Vilnyus, Yad, 1993 yil, 300-bet.
Anatoliy Kuznetsov. Babiy Yar. Roman-hujjat
Bobom... xonaga hovliqib kirdi:
— Tabriklayman sizlarni! Xo‘sh!.. Ertaga Kievda boshqa birorta yahudiy qolmaydi! Ko‘rinishidan, ular Kreshchatikni yoqib yuborgan, deb to‘g‘ri aytishayapti. Senga hamdu-sanolar bo‘lsin, Rabbim! Yetar endi, qonimizni ichib semirib ketishdi, ablahlar. Ular endi o‘zlarining Falastinlariga ketaversin, hech bo‘lmaganda nemislar ularga bas keladi. Ularni olib ketadigan bo‘lishdi! Buyruq osib qo‘yilibdi.
Hammamiz oyog‘imizni qo‘lga olib ko‘chaga yugurdik. Devorga yomon o‘rov qog‘oziga sarlavhasiz va imzosiz e’lon yopishtirilgan edi:
“Kiyev shahri va uning atrofidagi barcha yahudiylar 29 sentyabr dushanba kuni ertalab soat 8 ga Melnikovskaya va Doxturovskaya ko‘chalari chorrahasiga (qabriston yaqinida) kelishi shart. O‘zingiz bilan hujjatlarni, pullarni, qimmatbaho narsalarni, shuningdek, issiq kiyim-kechak, ichki kiyim va hokazolarni oling...”
... Men e’lonni ikki marta qayta o‘qib chiqdim va negadir seskanib ketdim. E’lon juda shafqatsiz tarzda, qandaydir sovuq nafrat bilan yozilgan edi...
... Bu Shurka Matsa ham ketadi deganimi?.. Unga achindim, u bilan bir umrga ajrashish juda achinarli edi.
Va to‘satdan - o‘zim uchun kutilmaganda, qandaydir o‘z-o‘zidan - men bobomning so‘zlari bilan, hatto uning ohangi va g‘azabi bilan o‘yladim: “Mayli! Nima bo‘libdi? Shunday ekan, ular Falastinlariga boraversinlar. Bas, semirib ketishdi! Bu yer Ukraina, ular esa, qarangki, ko‘payib, taxtakana misoli joylashib olishdi. Shurka Matsa ham qo‘pol, ayyor, badjahl yahudiy, qancha kitobimni o‘ziniki qilib oldi! Ketaverishsin, ularsiz yaxshi bo‘ladi, bobom aqlli, bobom haq”.
Anatoliy Kuznetsov (A. Anatoliy). Babiy Yar. Roman - hujjat. Kiyev, Radyanskiy pismennik, 1991 yil, 69-70-betlar.
Lourens Ris (Tahr.) Treblinkaga eltuvchi yo‘l
Nemislar Kaunasga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay Vera Silkinayte ismli 16 yashar litvalik qiz shahar markazidan tashqarida joylashgan garajlar yonidan o‘tib ketayotgan edi. U hayajonlangan bir guruh odamlarga duch keldi va dastlab unga bu shunchaki mast holdagi janjal bo‘lib tuyuldi. Yaqinroq borgach, ulardan biri yerda yotganini va og‘ir-og‘ir nafas olayotganini, boshqalari esa qo‘llarida tayoqlarni ushlab turganini ko‘rdi. Bu mast janjal emas edi - nemislar tomonidan qamoqdan ozod qilingan litvaliklar qurolsiz bir yahudiyni o‘lar darajada kaltaklashar edi. "Men o‘lguday qo‘rqib ketdim" - deydi u, "qo‘rquvdan falaj bo‘lib qoldim, o‘zimni qanday his qilganimni tasvirlab bera olmayman. Hozirgacha bularning barchasi ko‘z o‘ngimda. Qotillikni tomosha qilayotgan olomon ichida maqullovchi hitoblar va "Ur yahudiylarni!" degan hayqiriqlar yangrar edi va odamlardan biri esa nima bo‘layotganini yaxshiroq ko‘rishi uchun o‘g‘ilchasini balandroq ko‘tarib olgan edi.
Vera kichkintoy bu holatga qanday qaray olishini tushuna olmas edi. "Agar u nima bo‘layotganini umuman tushunsa, keyinchalik qanday odam bo‘lib yetishadi? Qotillarni qichqiriqlari bilan qo‘llab-quvvatlayotgan odamlardan nimani kutish mumkin?
Xuddi shu kun (1941 yil 26 iyun) sanasida yozilgan nemis guvohliklari va hisobotlari ham saqlanib qolgan. Ularning birida nemis zobiti shunday deb yozadi: “Olomon orasida ayollar ko‘p edi, ular bolalarni baland ko‘tarar yoki ularga qarashi qulay bo‘lishi uchun stul va qutilar qo‘yib berishar edi. Ular shunday berilib qichqirar, qarsak chalishar va kular edilarki, avvaliga menga ular sport musobaqasini tomosha qilayotgandek tuyuldi. Laurence Reeth, The Nazis – A Warning from History, BBC. London, 2002 (Chapter V: “The Road to Treblinka” pp. 127-156)
- Ushbu parchalarga ko‘ra, ichiqoralik kabi tuyg‘uda nima ustunlik qiladi: shaxsiy komplekslarmi yoki poda hissimi?
- Nima uchun nemis guvohi ko‘z oldida sodir bo‘layotgan voqealarni sport musobaqasi bilan solishtiradi?
- Odamlar o‘z-o‘ziga o‘zlarining yahudiylarga bo‘lgan ichiqoraligini qanday sabablar bilan tushuntiradi?
- Fotosuratda pogrom oqibatlarini kuzatayotgan odamlarning yuz ifodalarini farqlab bo‘lmaydi. Siz bu yerda "chetda turib kuzatadiganlar” nimani his qilayotganini tasavvur qila olasizmi?
(o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasiga qarab, boshlang‘ich - 2-dan 5-6-gacha sinflarda dars uchun tavsiy etiladi)
Qo‘rquv
Doktor Yelena Buyvidayte-Kutorgenening kundaligidan
29-iyun. ...Qo‘rquv! Zulm uni charchatadi, zaiflashtiradi... Va bu ko‘plab bezatuvchi Litva nishonlari qo‘rqoqlar uchun himoya, o‘zini himoya qilishdir...
30 iyun. ...Qo‘rqinchli kunlar... Hibsga olingan yahudiylar to‘da-to‘da bo’lib o‘tib bormoqda. Yahudiylar orasida qo‘rquv hukm suradi va men o‘zim ham dahshatli azob-uqubatlarni, shafqatsizlikni, vahshiyliklarni, haqoratlarni ko‘rib, doim qaltirayman. Menimcha, shafqatsizlikning asosiy sababi qo‘rquvdadir: ular tirishish, xushomadgo‘ylik istagi tufayli, yangi xo‘jayinlarini ularga hech narsadan qaytmay, har qanday usullar bilan xizmat qilishga tayyor ekanliklariga ishontirish uchun qiynoqqa soladilar, o‘ldiradilar.
V. Grossman, I. Erenburg (tahr.), Qora kitob. Vilnyus, Yad, 1993 yil, 304-305-betlar.
Lev Ginzburg. Choh
...Rostovda, Gorkiy ko‘chasidagi uyning hovlisida, - asosiy uy yonidagi mo‘jazgina qo‘shimcha uy, butalar, pechak qoldiqlari, yozda bu yer yam-yashil bo‘lsa kerak.
...U shu yerda yashagan.
Xotini. Qanchalik qo‘rquvda yashadilar! Nemislar ostida. Va keyin ... yaxshisi, bu haqda o‘ylamaslik kerak. U sizga hamma narsani o‘zi aytib beradi.
... Kelib chiqishi amaldor oilasidan, sibirlik... Fuqarolar urushidan keyin - Rostovda hisobchi... Xalq cholg‘u ansambli rahbari: u balalayka, gitara va mandolina chalar edi...
1941 yilda – urush, xalq qo‘shini a’zosi. Tunda polk Novocherkasskdan chekindi, nemislar qo‘liga tushib qoldi. Javob so‘rab, uyiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Ochlik. Kimdir politsiyaga ishga kirilsa, u yerda “yaxshi boqadilar va hujjat beradilar”, dedi.
- Men politsiyaga ishga kirdim. Vazifalarim: tartibni saqlash, uchastkamni aylanib chiqish, aholini ishga olib chiqish... Provokatorlardan chaquvlar tushgan holatlar bo‘ldi: falon xonadonda kommunist, yahudiy yashiringan... Borardim. Tintuv o‘tkazardim. Gumonlanuvchilarni politsiyaga olib borardim.
- Otib tashlash, qiynoqlar haqida bilarmidingiz?
- Shaxsan ko‘rganim yo‘q. Lekin odamlar gapirar edi...
- Odamlarga achinmasmidingiz?
- Iloj qancha…
U "vazifalarini ado etardi", lekin uydagi qo‘shnilarning birortasini ham tutib bermadi, hatto ba’zilariga yordam ham berdi.
Ular yahudiylarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlaganlarida, uning oldiga cholg‘u orkestrining dirijyori keldi, u uni "san’at yo‘nalishida" bilar edi.
- U mendan so‘radi: "Nima qilish kerak, boraymi?.." Men aytdim: "Bor, ehtimol, ularga senga o‘xshagan mutaxassislar kerak bo‘lib qolar..." Menimcha, u mening gapimga kirdi va halok bo‘ldi. Men uni boshqa hech qachon uchratmadim.
1943 yilda... nemislar bilan Germaniyaga qochib ketdi, nemis zavodida hisobchi bo‘lib ishladi. Qizil Armiya kelganida, u o‘zini harbiy asir sifatida ko‘rsatdi, "davlat tekshiruvi"dan osongina o‘tib, Rostovga qaytib keldi. Uyiga kechasi keldi - uni hech kim ko‘rmadi.
... Uni tanib qolishlari, politsiyachi sifatida fosh etishlari va sud qilishlari mumkinligini bilar edi.
- Men qo‘rqar edim.
Va u karavot tagiga kirib oldi.
O‘n yetti yil davomida u karavot ostida yoki un qutisi ichida yashadi.
...U ahyon-ahyonda panadan chiqar, radio tinglar, uy ishlarida yordam berardi...
Bu cheksiz tartib - uning karavot ostiga emaklab kirishi - bu oila hayotining asosiy tafsiloti edi...
Nihoyat, 1962 yil kuzida o‘g‘li dedi: tegishli joyga borish kerak.
... U kichik chamadoncha bilan bordi va tan oldi:
- Men politsiyada xizmat qilganman.
Ular unga hayrat bilan boqishdi.
U aytdi:
“Men o‘n yetti yildan beri yashirinib yurdim. Meni hibsga oling.
Uni so‘roq qilishdi va uyiga ketishga ruxsat berishdi: u amnistiyaga tushganiga yetti yil bo‘lgan edi...
... Men yana bir nechta savol beraman. Uning aytishicha, aybini bo‘yniga olib, o‘zini topshirganidan keyin o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Uning hayotining asosiy mazmuni bo‘lgan qo‘rquv tugashi bilan hayot uning uchun ma’nosini yo‘qotgan edi. U nihoyat ko‘chaga chiqqanida, u ishonchli tarzda ko‘nikib ketgan maqsadi – ishonchli tarzda yashirinishdan ayrilib qolgan edi.”
Lev Ginzburg. Choh. Hujjatlarga asoslangan hikoya (SS 10- zonderkomandasining sobiq a’zolari ustidan Krasnodar sudi materiallari asosida, 1963 yil ), Moskva, "Sovetskiy pisatel", 1985 yil, 140-152-betlar.
- Qo‘rquv hissi va yahudiylarga nisbatan shafqatsizlikning namoyon bo‘lishi o‘rtasida bog‘liqlik bormi?
- Sizning fikringizcha, “Choh” romanidan olingan parcha qahramoni “san’at yo‘nalishidagi”
yahudiy tanishiga nima uchun bunday maslahat beradi? U bu odamni aniq o‘limga yuborayotganini tushunadimi? - Qo‘rquv haqiqatan ham "hayotning asosiy mazmuni"ga aylanishi mumkinmi?
Befarqlik
Cheslav Milo. Kampo di F’ori (Parcha)
Noa Segal tarjimasi
...Men Kampo di F’orini esladim:
Varshavada karuselda
Sevishgan juftliklar aylanib
Osmonga ko‘tarilar edi.
Nozik sadolar musiqasi
Yurakni shirin og‘ritar edi,
Gettodan so‘nggi nolalar
Esa quloqqa yetmas edi.
Qizlar liboslari etaklari
May shamolida hilpirardi,
Yonayotgan getto tutuni
Tiniq kechki havoda tarqardi...
Men Kampo di F’orini esladim -
yakshanba bog‘idagi sayr,
Odamlar tabassumi va kulgisi,
Varshavada yaxshi oqshom. . .
Lev Ginzburg. Choh
Taganrogdagi statsionar "madaniyat o‘chog‘i" "Bunte byune" ("Guldor Sahna") - Chexov nomli teatr binosida tashkil qilingan varyete edi. "Bunte byune" xavfsizlik xizmati tomonidan ushbu lavozimga tayinlangan "teatr zonderfyureri" Lebertga bo‘ysunar edi.
...Bunte byune” g‘alati muassasa edi – varyetemikan, yohud gestapo, aniqrog‘i – u har ikkalasi ham edi.
...Teatr nemis kontrrazvedkasining Taganrogdagi markazlaridan biri edi. Lebert har bir qo‘shiqchi ayol yoki raqqosaga qo‘shimcha vazifa yuklar edi – qarindoshlari, eng yaqin qo‘shnilardan shaharda qanday kayfiyat hukm surayotganini aniqlashga, artistlarni bir-birlariga chaqimchilik qilishga majbur qilar edi. Bu o‘pqondan kamdan-kam odam dog‘siz chiqar edi. Ba’zida aktrisani huzuriga chaqirib, topshiriq berardi: falonchining oldiga borasan, biz seni hafa qilganimizni aytasan, bizdan ketmoqchi, yashirin tashkilot a’zolari bilan aloqa o‘rnatmoqchi ekanligingni aytasan, keyin menga xabar berasan.
Topshiriqni bajarishni rad etish nemislarga qarshi sabotaj deb hisoblangan...
...Men bularning barini ko‘rganman, boshimdan kechirganman deyish ham mumkin. Eshitishimcha, Larisa Georgiyevna Saxarova allaqachon sahnani tark etgan ekan va hozir qurilish idorasida ishlamoqda. Menga uning uy manzilini aytishdi: borib ko‘ringchi...
...Avvaliga suhbat qovushmadi. U yig‘lab yubordi:
- Men qirq etti yoshni urib qo‘ydim! Men endi boshqa eslay olmayman!
Keyin u gapira boshladi...
"...O‘sha paytda teatrda turli-tuman odamlar xizmat qilgan... San’at xodimlariga ma’lum bir imtiyozlar berilar edi. Oziq-ovqat borasida bizni politsaylarga tenglashtirdilar, ya’ni bir yuz ellik o‘rniga uch yuz gramm non va bir kosa sho‘rva olar edik.
...Men barcha spektakllarda qatnashganman. "Bomba va granatalar"da men va qizlarga nemis formasini kiydirdilar, biz ularning "Lili Marlen" soldat qo‘shig‘ini kuylardik, lekin repertuar asosan faqat sevgi haqida edi. Nemislar sevgi haqidagi qo‘shiqlarni, Tirol qo‘shiqlarini, shuningdek, "Mamaxen, shenk mir ayn pferdxen", ya’ni "Onajon, menga toychoq sovg‘a qil" qo‘shig‘ini juda yaxshi ko‘radilar...|
Men juda mashhur edim, chiroyli edim va ovozim ham hozirgidek emas edi. Lebert urushdan keyin meni Berlinga gastrol safariga yuborishini aytardi va bu, albatta, aktrisa sifatida menga juda yoqar edi...
...Men undan o‘sha yillardagi fotosuratlar bor yoki yo‘qligini so‘radim. U ikkita fotosuratni chiqardi. Birida u shahar fonida tepalikda balet kiyimida tasvirlangan edi - u oyog‘ini kambag‘al, bir qavatli, g‘amgin Taganrog ustiga ko‘tarib turar edi...
(Istilo paytida Petrushina balka va Taganrog yaqinidagi boshqa joylarda 8000 ga yaqin yahudiy yo‘q qilingan edi. “... Xabar beramanki, Mariupol va Taganrog shaharlari yahudiylardan butunlay tozalandi... "SS 10-a zonderkomanda boshlig‘i Kristmanning xabaridan, 1942 yil)
- ...Aytgancha, 1958 yilda doktor Ruppedan (teatrga biriktirilgan nemis shifokori) Gamburgdan xat oldim...
“Meine liebe, liebe Lapitschka!- deb yozgan edi unga doktor Ruppe. - Bugun men tushimda seni ko‘rdim va darhol seni va bizning Taganrogimizni va aziz teatrimizni esladim. Ajabo, biz hammamiz yosh, quvnoq va umidga to‘la bo‘lgan o‘sha oltin vaqtlar qanchalik uzoqda qoldi! ...Yaqinda bir odamni uchratib qoldim... kimni deysanmi, topib ko‘rchi, kimni? Bechora Lebertni! U hali ham o‘sha-o‘sha "sohibjamol" bo‘lsa-da, sochlari oqarib ketibdi va oq sochlari unga bir oz fayz kiritibdi. Bu yaxshi odam varyete ochibdi va u varyetesiga qanday nom beribdi degin? “Bunte byune”! ... Eski tanishim bilan bir oz ichdik, seni esladik va ko‘zlarimizga yosh keldi..."
Lev Ginzburg. Choh. Hujjatlarga asoslangan hikoya (SS 10- zonderkomandasining sobiq a’zolari ustidan Krasnodar sudi materiallari asosida, 1963 yil), Moskva, "Sovetskiy pisatel", 1985 yil, 158-163-betlar.
Xilda Shermanning guvohligi (Germaniyadan Riga gettosiga - Latviyaga deportatsiya qilingan)
Gestapo buyrug‘iga ko‘ra, biz 50 kg dan ko‘p bo‘lmagan yuk, uzunligi 70 sm va kengligi 30 sm bo‘lgan to‘shama va choyshab va yostiq jildi to‘plami olishimiz mumkin edi. Aytishga hojat yo‘q, hamma eng qimmatli narsalarni chamadonga solib qo‘yishga harakat qildi, chunki "ko‘chirish" deb ataladigan narsa qancha davom etishini hech kim bilmas edi. Shunday qilib, 1941 yil 10 dekabrda biz poyezdga o‘tirdik.
Men ota-onam bilan xayrlashdim.
Erimning ismi Kurt Vinter edi. Men uning oilasi bilan birga deportatsiya qilindim. Tongda Dyusseldorfga yetib keldik. Biz narsalarimiz bilan hamma to‘planadigan qushxonagacha yayov yurib borishimiz kerak edi. Esimda, o‘shandayoq keksalar o‘z yuklarini ko‘tarib yura olmay, shundoq ko‘chaga tashlab ketar edilar. Men shahar aholisi bizni qanday kuzatib turganini ko‘rdim. Ular ko‘chaga chiqmadilar, balki derazadan qarar edilar. Men pardalar qimirlayotganini ko‘rdim. Hech kim ko‘rmaganman, deb da’vo qila olmaydi. Shubhasiz, ular bizni ko‘rgan edilar. Biz mingdan ortiq edik.
Manba: Yad Vashem arxivi 0.2/1145
Doktor Yelena Buyvidayte-Kutorgenening kundaligidan
1941 yil 15 dekabr. ...Bugun men bir hamkasbimnikiga bordim: uning uyi issiq, shinam, go‘zal choy stoli atrofida mehmonlar o‘tiribdi. Bu shunday osoyishtaki, go‘yo hayot avvalgidek tinch-xotirjam davom etmoqda edi. Men o‘zimni noqulay, begonadek sezdim, zerikib ketdim. Men qandaydir dilsiyohlik bilan ketdim: millionlab odamlar xandaqlarda halok bo‘lmoqda, qor bosgan tekisliklarda millionlab yuraklar dahshatli tashvish, og‘riq va iztirobdan siqilmoqda, bu yerda esa hech narsa bo‘lmagandek, moda, tikuvchilar, soch jingalagi va shunga o‘xshashlar to‘g‘risida suhbatlashayaptilar...
V. Grossman, I.Erenburg (tahr.), Qora kitob, Vilnyus, Yad, 1993 yil, 322-bet.
Artur Zigelboymning o‘limi oldidan yozgan xati.
1943 yil 11 may.
Tarixiy ma’lumot: A. Ziygelboym - Polsha ishchi harakatining yetakchisi. Urush boshida fashistlarga ishchilarning qarshiligini tashkil etishga harakat qiladi. Hibsga olishlaridan omon qolish uchun chet elga qochib ketadi, Londonda surgundagi Polsha hukumati Milliy kengashining vakili bo‘lgan. U birinchilardan bo‘lib Polsha yahudiylarining qirg‘in qilinayotgani haqida xabar topgan. Varshava gettosidagi qo‘zg‘olon, xotini va o‘g‘lining o‘limi haqida bilgach, 1943 yil 12 may kuni o‘z joniga qasd qiladi. Bundan oldin u Polsha hukumatiga xat yozadi.
Polsha Respublikasi Prezidenti janob Vladislav Rachkovichga
Hukumat rahbari general Vladislav Sikorskiyga
O‘z so‘nggi so‘zim bilan men sizlarga, janoblar, siz orqali Polsha hukumati va xalqiga, ittifoqchi mamlakatlar hukumatlari va xalqlariga hamda butun dunyo vijdoniga murojaat qilmoqdaman: Polsha yahudiylarining qolgan qismi yo‘q qilinayotgan soatda men ortiq bu dunyoda yashay olmayman va jim o’tira olmayman. Varshavadagi do‘stlarim qo‘llarida qurol bilan haqiqiy qahramonlardek jangda halok bo‘ldilar. Menga ular bilan birga o‘lish nasib etmadi, lekin men qalbim bilan u yerda - ommaviy qabrlar yonidaman. O‘z o‘limim bilan men dunyo bo‘layotgan voqealarga befarq qarab turgan va shu orqali yahudiy xalqini yo‘q qilishga imkon berayotgan befarqlikka qarshi so‘nggi noroziligimni bildirmoqchiman.
I. Arad, I. Gutman, A. Margaliyot (tahr.), Halokat hujjatlarda (ibroniy tilida), Yad Vashem, Quddus, 1978 yil, 258-260-betlar.
Viktoriya Barnett. Bystanders (Chetda turib kuzatadiganlar)
...1944 yilning aprel oyida Melk qishlog‘i yaqinida (Mautxauzen yaqinida - izoh) yana bir kichik lager ochildi; 1945 yilga kelib u yerdagi mahbuslarning uchdan bir qismidan ortig‘i halok bo‘lgan edi. Melkda krematoriy qurilmasidan oldin o‘lganlarning jasadlarini har kuni mahbuslarning o‘zlari Mautxauzenga olib ketar edi. Har kuni Melk mahbuslarining kolonnalari butun shahar bo‘ylab temir yo‘l vokzaliga shaharliklarning befarq, ko‘rinmas nigohlari ostida o‘tib borar edi. Bu ongli ko‘rlik, ko‘zlardagi bu ixtiyoriy ko‘zpana, bu atrofga qaramaslik, sezmaslik qobiliyati - sodir bo‘layotgan voqealarga befarqlik va aralashmaslikning eng kuchli ko‘rinishi edi...
Victoria J. Barnett. Bystanders. Conscience and Complicity During the Holocaust. Greenwood Press, Westport, Connecticut - London, 1999, p. 8.
- Xonanda Saxarova uchun Taganrog haqidagi urush xotiralari nimani anglatar edi?
- Zigelboymning umidsiz harakatida qanday sabablar ustunlik qiladi?
- Dyusseldorf aholisi yopiq pardalar ortida nimalarni his qiladi?
- Barnet Xolokost shiroitida o‘zining quyidagi iborasi bilan nimani nazarda tutganini sharhlab bering:
"Bu ongli ko‘rlik, ko‘zlardagi bu ixtiyoriy ko‘zpanalar, bu atrofga qaramaslik, sezmaslik qobiliyati"
Rahmdillik
Anatoliy Kuznetsov. Babiy Yar. Roman-hujjat
...Uyga kelganimda bobomni ko‘rdim. U barmog‘ini ko‘targanicha hovlining o‘rtasida turib, qandaydir otishmaning ovoziga diqqat bilan quloq tutardi.
- Bilasanmi, - dedi u lol qolgan holda, - ularni olib ketishmayapti. Ularni otib o‘ldirishayapti.
Shu payt men hamma narsaga tushundim.
Babiy Yardan pulemetdan otilayotgan o‘qlarning bir tekis tovushlari aniq kelmoqda edi: ta-ta-ta-, ta-ta...
Harbiy mashqlardagidek tinch, xotirjam, bir tekis otishma. Bizning Babiy Yarimiz Kurenevka va Lukyanovka o‘rtasida joylashgan bo‘lib, qabristonga borish uchun uni kesib o‘tish kifoya. Ma’lum bo‘lishicha, ularni o‘sha yerdan, Lukyanovkadan bizdagi shu jarlikka haydab kelishgan ekan.
Bobom boshi qotgan va qo‘rqib ketgan ko‘rinardi.
- Balki bu otishma maydonidir? – men taxmin qildim.
- Qanday otishma maydoni! - deb qichqirdi bobom mungli ohangda, - butun Kurenevka allaqachon gapirmoqda, ular daraxtlar tepasigacha chiqishibdi - ko‘rishibdi. Viktor Makedon yugurib keldi - u yahudiy xotinini kuzatib qo‘ygan edi, o‘zi arang omon qolibdi, ey Bibi Maryam, yo Xudoyim-ey, bu nima degan gap, axir nima uchun ularni bunday qilishayapti?
Biz uyga kirdik, lekin u yerda o‘tirib bo‘lmas edi. Otishma davom etardi.
Bobom bilib kelish uchun Makedonning uyiga ketdi, u yerda ko‘p odam o‘tirgan edi va bu yigitchaning (u urushdan salgina avval uylangan edi) aytishicha, u yerda ular pasportlarni tekshirib, ularni olovga tashlayotgan ekanlar, u “Men rusman! ” deb qichqirib yuboribdi, shundan so‘ng xotinini undan tortib olib, Yarga olib ketishibdi, politsiyachi esa uni haydab yuboribdi...
Tashqari sovuq edi, kechagidek shiddatli shamol hamon esar edi. Men tez-tez tashqariga yugurib chiqib, quloq solar edim. Buvim menga palto va quloqchin olib chiqib berdi, o‘zi ham quloq solardi, qo‘llarini burib, ming‘irlardi: "Xudoim-ey, u yerda ayollar ham, jajji bolakaylar ham bor-ku..." Nazarimda, u yig‘layotganday tuyuldi. U tomon o‘girildim - u Babiy Yar tomon yuzi bilan turib, cho‘qinayotgan edi:
- Ochenash, joi si ... na nebesi... (Osmondagi otamiz...)
Anatoliy Kuznetsov (A. Anatoliy). Babiy Yar. Roman-hujjat. Kiev, Radyanskiy pismennik, 1991 yil, 72-73.
Nemis tarjimoni Zennekenning Borisov aholisining yahudiylarning otib o‘ldirilishiga munosabati haqidagi xabari (1941 yilning oktyabr oyi)
...Men uyimga qaytib, uyning rus egasi bilan tungacha gaplashib o‘tirdim. Albatta, biz tinch aholi ham xabardor bo‘lgan yahudiylarning yaqinda bo‘ladigan otib o‘ldirilishi haqida ham gaplashdik. Men turgan uy egasi, aftidan, Borisovdagi barcha yahudiy bo‘lmaganlarning munosabatini bildirdi: "Ular halok bo‘laversin, ular bizga ko‘p yomon ishlar qilishdi!"
...Agar kechki payt, qatl arafasida yahudiy bo‘lmaganlar yahudiylar shunday taqdirga loyiq deb hisoblagan bo‘lsa, endi ertalab ular: “Kim shunday buyruq berdi? Qanday qilib 6500 yahudiyni yo‘q qilish mumkin! Bugun yahudiylar, u holda bizning navbatimiz qachon? Va bu bechora yahudiylar nima qilishdi? Ular ishlashdan boshqasini bilmas edilar! Shubhasiz, haqiqiy aybdorlarning o‘zlari uchun hech qanday xavf tahdid qilmaydi!”
I. Altman. Nafrat qurbonlari.
Moskva, “Kovcheg” jamg‘armasi, 2002 yil, 435-bet.
- Yuqorida keltirilgan parchalarda atrofdagi aholining yahudiylarga munosabati qay
tarzda va nima uchun o‘zgaradi? - Ushbu fotosuratda tasvirlangan odamlarning yuzlari qanday his-tuyg‘ularni ifodalaydi?
- Jabrlanuvchini o‘rab turgan olomon orasida kimdir hamdardlik yoki sodir bo‘layotgan
narsadan uyat tuyg‘ularini his qilayotgan bo‘lishi mumkinmi?
Ikkinchi qism: ular nima qilishdi?
Talon-taroj
Uman shahrida. Mani Fayngold xotiralari.
O‘n ikki yoshli Volodka o‘qqa tutilayotgan beshta qarindoshi bilan birga chuqur tepasida turar ekan, o‘zini chuqurga tirik tashlashning uddasidan chiqdi. Yarim soatdan keyin “sessiya” tugadi. ...Volodya asta-sekin chuqurdan chiqib, yon-atrofga qaradi va tezda g‘oyib bo‘ldi. U ota-onasini qidirmadi, ularni boshqa topa olmaydi, ularni o‘sha yerda uning ko‘z o‘ngida o‘ldirdilar. U onasi, opasi va ikkita jajji ukasini qanday o‘ldirganlarini aniq ko‘rdi. Volodka ular bilan xayrlashdi, u bunday pogromdan keyin ham yashashini kutmagan edi, lekin uning taqdirida yana bir qancha muddat yashash bor edi.
...Volodka ... yahudiylar xonadonlaridan ukrainalik bolalar va qizchalar har xil narsalarni qoplab olib ketayotgan o‘z ko‘chasiga yaqinroq joyga ketdi. Barcha uylarning deraza va eshiklari sindirilgan, xonadonlar bo‘m-bo‘sh edi.
Odamlar kastryulkalar, har xil idishlar va hokazolarni olib chiqib ketishar edi. Volodka ham bir qopni olib, keraksiz latta-puttalarni yig‘ib oldi va o‘z kvartirasiga yaqinlashmoqchi bo‘ldi. Og‘irligi ikki kilogramm bo‘lgan latta-puttali qop uning uchun uch pud og‘ir edi, o‘zi dahshatdan oyoqda tura olmasdi, lekin u qopni uni tanimasliklari uchun olib olgan edi. Volodka o‘z kvartirasiga kirdi va dahshatli manzarani ko‘rdi- buvisi polda o‘lik holda yotardi. U qattiq kaltaklangan edi, u hamma bilan keta olmaganligi uchun kaltaklangan bo‘lsa kerak, u qari va ko‘r edi. Volodka tezda orqasiga qayrilib, tashqariga chiqdi, u yig‘lamaslik uchun bor kuchi bilan o‘zini tutar edi, chunki uni darhol tanib qolishlari va o‘ldirishlari mumkin edi. U latta-putta solingan qopini olib, ildam qadamlar bilan uyidan uzoqlashdi. Yosh ukrainalik ayol uning qarshisida kelayotgan edi, u Volodkadan narsalarni qayerdan olganini va o‘sha kvartirani ko‘rsatishni so‘radi: "Balki yana qolgandir, men ham olaman". Volodka gapira olmas edi, u qayergaligini ham bilmay, qo‘li bilan ishora qildi, xolos. U besh yil birga o‘qigan do‘stining oldiga keldi. O‘rtog‘i, ukrain bola, kashshof Senka uni ochiq chehra bilan kutib oldi va ertaga qadar o‘z uyida yashirinib olishni taklif qildi. “Ertaga bir gap bo‘lar”,- dedi u. Volodka yig‘lab yubordi, Senka uni tinchlantirdi. Kechqurun do‘stlar birga yotishdi va tongga qadar uxlay olishmadi. Tuni bo‘yi gaplashishdi, maslahatlashishdi. Senka do‘stiga yordam berishga bor kuchi bilan harakat qildi".
...Men o‘zim yashirinib turgan ukrainalikning uyida o‘tirgan edim, qo‘shnining bolasi, politsayning o‘g‘ilchasi kelib qoldi va onasining yutuqlari, qancha narsa yig‘ib olganligi haqida gapirib berdi va ketayotganida shunday dedi:
"Onam o‘ziga faqat qishki palto topa oldi, lekin u aytayaptiki, yahudiylarni yana bir bor kaltaklash boshlansa, o‘ziga yozgi palto ham topa olar ekan..."
Parij, Frantsiya, 1941 yilning aprel oyi. Yahudiylarga tegishli bo‘lgan mebellarni musodara qilish.
I. Arad, T. Pavlova, I. Altman va boshqalar (tahr.)
Noma’lum qora kitob. Quddus - Moskva, 1993 yil, 189-190-betlar.
Tsalek Perexodnik. Guvohlikning qayg‘uli roli.
Bir kuni men Koshchelna ko‘chasi bo‘ylab ketayotgan edim, chunki yaqinda bizga oziq-ovqat sotib olish bahonasida polyaklar mavzesida yurishga ruxsat berildi. O‘zimizga tegishli bo‘lgan uylarga, deraza pardalari ortidagi tinch-totuv kechayotgan hayotga nazar tashlash endi menga ozor bermay qo‘ygan edi, men qo‘ldan ketgan uylar va mol-mulkka afsuslanmay qo‘ygan edim. Yaqinlarim yonimda bo‘lsa bas. Shunda oldimda ikki yoshlar chamasidagi qizaloqni bolalar aravachasida olib ketayotgan yosh ayolga ko‘zim tushdi. Kvartiramizdagi boshqa narsalar bilan birga bizdan olib qo‘yilgan qizchamning aravachasini taniganimda oyoqlarim bukilib ketdi! Men qizaloqqa - kichkina begunoh jonzotga- qaradim va meni tiyib bo‘lmaydigan, uni bo‘g‘ib o‘ldirish istagi chulg‘ab oldi. Sen, ariy irqiga mansub qizcha, kimdandir tortib olingan aravachada yura olasan, mening qizcham Atosida aravachada sayr qilish huquqi u yoqda tursin, balki yashash huquqi ham bo‘lmadi va buning barchasiga sabab uning ota-onasi yahudiy bo‘lganligidir. O‘shandan beri men polyak mavzesida imkon qadar kamroq bo‘lishga harakat qilardim, qayerga borsam ham, qizchamning aravachasida sayr qilib yurgan polyak qizchasi qo‘z oldimda namoyon bo‘laverar edi.
Ts. Perexodnik. Guvohlikning qayg‘uli roli. Boshpana kundaligi (ibroniy tilida), Quddus, 1993 yil, 109-bet.
- Nima uchun Tsalek Perexodnikning hikoyasida shuncha ko‘p yo‘qotishlardan so‘ng qizchasining
aravachasidagi aynan begona qizcha bunday keskin reaktsiyaga sabab bo‘ladi? - Nima uchun Mani Fayngoldning guvohligida hikoyachi talonchilikni qotillik bilan bir
qatorga qo‘yadi?
Harakatsizlik va o‘zini chetga olish qobiliyati
Aba Kovner. Guvohlik kitobi.
Cherna o‘ldirilganida Ponarskaya ko‘chasi oxiridagi bozor hamon odamlar bilan gavjum edi. Attorlik mollari bilan savdo qiluvchi ko‘chma do‘konchalar yonida yoshlar quvnoq suhbat qurishar edi. Bo‘yiga mos bo‘lmagan katta palto kiygan dehqon ayol soxta korallardan yasalgan marjonlarni taqib ko‘rar ekan, ushlanib qoldi. Avval oq rangdagi, keyin qizil rangdagisini taqib ko‘rdi. Uning yonida turgan erkak qopini yelkasiga olib: “Xo‘sh, xotin, men ketdim!”,- dedi. Qopdan cho‘chqaning chiyillashi eshitildi. O‘sha kuni 34 000 yahudiy Babiy Yarda otib o‘ldirilgan edi. Bratislavada, xuddi Vilnodagi kabi, bu bozor kuni edi. Hamma yoqni aravalar bosib ketgan edi, mahalliy va o‘zga joylardan kelgan dehqonlar bu kimning oti ekanligini aniqlagach, o‘z mollarni yoyib qo‘ya boshladilar. Slovak dehqonlari g‘ayrioddiy tarzda ovozlarini pasaytirib, "ularning Qiyomat kuni" aravalar qayerga va nima uchun olib ketilganligi haqida gapirishar edi. Boshqalar norozi bo‘lar edi: nemislar hayvonlarni umuman ayamaydilar - har bir otga 20 nafar yahudiyni yuklaydilar - ularning vijdoni bormi o‘zi! Tri kresti yaqinidagi xutordan kelgan Bondarchuk yangi aravasi unga qanday holatda qaytarilganini so‘zlab berar ekan, mo‘ylovi ostidan tupurib tashladi – aravasining hamma yog‘i najas va qon bilan bulg‘angan edi. Soqol qo‘ygan dehqonlar barmoqlari bilan xoch belgisini yasab, otlarning terlagan tumshug‘ini artar, shosha-pisha ularni aravalardan chiqarar edilar.
Aba Kovner. Guvohlik kitobi. Quddus, Aliya kutubxonasi, 1990 yil, 31-bet.
Viktoriya Barnett. Bystanders (Chetda turib kuzatadiganlar)
... Mautxauzen aholisi lagerda sodir bo‘layotgan voqealarga qanday munosabatda bo‘ldi? 1941 yilda bir dehqon ayol lager rahbariyatiga rasmiy xat bilan murojaat qilib, uning fermasi joylashgan tepalikdan yaqqol ko‘rinib turgan otib o‘ldirishlarga doimo guvoh bo‘layotganidan shikoyat qiladi. "Mening sog‘ligim yomon,- deb tushuntiradi u, - va bunday manzaralar asab tizimimni butunlay ishdan chiqaradi. Agar bu g‘ayriinsoniy harakatlarni to‘xtatishning iloji bo‘lmasa, ularni hech bo‘lmaganda boshqa joyga, ko‘zimizdan uzoqroqqa ko‘chirishning iloji bormi...”
Victoria J. Barnett. Bystanders. Conscience and Complicity During the Holocaust. Greenwood Press, Westport, Connecticut - London, 1999, p. 7.
Pastor Martin Nimyoller (Germaniya)
Ular kommunistlarni olib ketish uchun kelganlarida,
Men norozilik bildirmadim –
Men kommunist emas edim.
Ular sotsialistlarni olib ketish uchun kelganlarida,
Men norozilik bildirmadim –
Men sotsialist emas edim.
Ular yahudiylarni olib ketish uchun kelganlarida,
Men norozilik bildirmadim –
Men yahudiy emas edim.
Ular meni olib ketish uchun kelganlarida –
Norozilik bildiradigan odam qolmagan edi.
- O‘zini chetga olish qobiliyati va befarqlik o‘rtasida farq bormi?
- Mautxauzenlik ayolning xati va Aba Kovnerning “Guvohlik kitobi”dan olingan parchani
tahlil qiling va solishtiring.
Yordam berishga urinishlar
Doktor Yelena Buyvidayte-Kutorgenening kundaligidan (1941 yilning iyun-dekabr oylari).
7 oktyabr. Vitya bizda sodir bo‘layotgan hamma narsani ingliz tilida tasvirlab berdi. Men chet elda litvalik muhim tanishi bo‘lgan bir artist ayolning oldiga bordim. Balki dunyo hamjamiyati bu yerda nimalar bo‘layotganini bilmas. Xabar berish kerak, norozilik namoyishlari uyushtirish kerak, imkon bo‘lgan barcha yerda kurashish yo‘llarini izlash kerak... Biz kelishib oldik, – u bizga yordam berishga rozi.
Men yahudiylar ishlaydigan yerto‘laga kirdim. Bu yerda mehribon va jasur (ha, xatto buning uchun ham jasorat kerak!) ayolnikida ular o‘zlariga ozginagina ovqat pishirishayotgan edi...
V. Grossman, I. Erenburg, Qora kitob.
Vilnyus, Yad, 1993 yil, 318-bet.
“Kurzemes vards" gazetasi (Latviya), 1941 yilning avgust oyi.
...Sahroda nola qilayotgan odamning ovozi kabi, yahudiylarning o‘rniga oziq-ovqat olish
uchun navbatda turganlar haqida ko‘p marta maqolalar chiqdi. Bu “yordamchilar” o‘z xulq-atvori qanchalik jirkanch ekanligini sezmasa kerak. Ular yahudiylarga shu tarzda yetkazib berayotgan mahsulotlarning latishlardan yulib olinayotganligini ham tushunishmaydi...
I. Altman. Nafrat qurbonlari.
Moskva, “Kovcheg” jamg‘armasi, 2002 yil, 425-bet.
Borislav (G‘arbiy Ukraina) shahri boshlig‘ining murojaatidan
"Ukrainadagi yahudiylar" (I. Kabanchik tuzgan)
...Afsuski, qishloq aholisi yahudiylarga yordam berishda davom etmoqda va shu tariqa o‘z jamoasiga yomonlik keltirmoqda. Qishloq aholisi turli hiyla-nayranglar bilan yahudiylarni ko‘p miqdorda oziq-ovqat bilan ta’minlamoqda. Ular yahudiylarning jirkanch uylariga kelishadi va ularga non, sariyog, parranda go‘shti keltirishadi...
Ilya Kabanchik (tuz.), Ukrainadagi yahudiylar. O‘quv-metodik materiallar. Dnepropetrovsk, 2004 yil, 213-bet
Minskdagi jahannam. Pedagog Sofya Ozerskayaning xotiralari
Dugonam va hamrohim, komsomol a’zosi Mariya Kuleshova bilan birga Minskdan g‘oyib bo‘lib... uch kun davomida Minskdan Borisov tomon yurdik ...
...Bir o‘rmoncha yaqinida biz bir podachi cholni uchratib qoldik va maslahat so‘rab, unga murojaat qildik. Biz unga nemislardan qochib ketayotganimizni ochiq-oydin aytdik... Fashistlar changaliga tushib qolishimizga oz qolganini bilgach, u bizni otalarcha koyidi:
-Voy tentak xotinlar-ey! Nega shahar va shaharchalar orqali ketayapsiz? Siz o‘rmonlar, o‘rmonlar, so‘qmoqlar bilan yurib, qishloqlardan o‘tib, yetib olasiz. Qishloqlarda nemislar yo‘q.
Biz cho‘ponning oqilona maslahatiga quloq tutdik... Biz qishloq yo‘llaridan yurib, qishloqlardan xotirjam o‘tdik va nemislarga ham, politsaylarga ham duch kelmay, deyarli front chizig‘acha yetib bordik...
...Vitebskga yaqinlashib qolganimizda, shahardan to‘qqiz kilometr masofada, bir ayol bizga G‘arbiy Dvinadan o‘tadigan yashirin joy qayerda ekanligini ko‘rsatdi.
I. Arad, T. Pavlova, I. Altman va boshqalar (tahr.)
Noma’lum qora kitob. Quddus - Moskva, 1993 yil, 249-250-betlar.
Taqdir. Muhandisning rafiqasi F. Krepakning xotiralari. 1944 yil.
...Biz Taganrogni tark etishga qaror qildik. Shahar tashqarisida jandarmlar bizni to‘xtatdilar: "Yahudiymisiz?" Biz o‘tishga muvaffaq bo‘ldik. Men tikishni bilaman, qishloqlarda tikish bilan shug‘ullandim, bizga ovqat berishar edi. Kuniga o‘ttiz besh kilometr yo‘l yurardik... Fedorovka qishlog‘ida bizni kazak oilasi iliq kutib oldi. Keyin biz nemis qishlog‘iga kelib qoldik, u yerdagi oqsoqol nemis bo‘lib, Rossiyada tug‘ilgan edi; kiyimlarimizni olib qo‘yishdi, erimni qaltaklashdi, yuziga tupurishdi. Mening erim ukrainalik, lekin unga yahudiyning taqdirini boshidan kechirishga to‘g‘ri keldi. Biz yana ko‘plab qishloqlardan o‘tdik, dehqonlar nemislarni qanday chetlab o‘tishimiz kerakligi haqida ogohlantirar edi. Karan (bu greklar qishlog‘i), keksa grek ayoli bizga boshpana berdi, kiyimlarimizni quritdi. Pologi yo‘lida uzoq aylanma yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘ldik: Orexovoda jazo otryadi bor edi. Dehqonlar qattiq qo‘rqib ketgan edi va ochiq havoda tunashga majbur bo‘ldik. O‘g‘ilchamning isitmasi chiqa boshladi, u bor-yo‘g‘i 11 yoshda edi, shunda men “Xudoga shukur, o‘z ajali bilan o‘ladi!...”,- deb o‘yladim.
Pologida bizga boshpana berishdi, o‘g‘limizga kigiz etik berishdi. Dunyoda ko‘p yaxshi odamlar bor...
I. Arad, T. Pavlova, I. Altman va boshqalar (tahr.)
Noma’lum Qora kitob. Quddus - Moskva, 1993 yil, 20-bet
Bu parchalarda sanab o‘tilgan odamlarni “chetda turib kuzatadiganlar” qatoriga qo‘shish
haqqoniymi? Ular olam solih insonlaridan nimasi bilan farq qiladi?
Uchinchi qism: "Chetda turib kuzatadiganlar " aybdormi?
Shaxsiy javobgarlik.
Bir tomondan, insoniyat bilgan urushlarning eng shafqatsizi sharoitida ommaviy qahramonlik ko‘rinishlarini kutish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan holdir. Ojizlik, terrorga qarshi turishning mutlaqo mumkin emasligi, o‘z hayoti va yaqinlarining hayoti uchun qo‘rquv - bularning barchasi ularning xatti-harakatlarini oqlash uchun bahona sifatida keltiriladi. Ammo bunday xatti-harakatlarda asosiy rol har holda o‘zlarini u bilan tenglashitirishni istamagan odamning azoblariga loqaydlik va befarqlik o‘ynaganligini istisno qila olmaymiz. Keyingi yillarda ham ularning har biri shaxsan o‘zi "hech kimni o‘ldirmaganman" degan oddiy asosda sodir bo‘layotgan voqealar uchun shaxsiy javobgarligini tan olishni istamadi. Ommaviy qotillikda passiv ishtirok etganlik uchun ularni qonuniy javobgarlikka qay darajada tortishimiz mumkin? Axloqiy va psixologik chegaralar ham yetarlicha noaniqdir.
Masalan, jamoatchilik bosimi va hukmron mafkura bilan uyg‘unlashgan davlat terrori tizimining mavjudli “chetda turib kuzatadiganlar”ni himoya qilishda eng ommabop dalillardan biri edi va shunday bo‘lib qolmoqda. Shaxsni manipulyatsiya qilish - bunda haqiqatan ham har qanday totalitar tizim o‘zining yakuniy maqsadini ko‘radi, keling, hech bo‘lmasa Gitlerning quyidagi so‘zlarini eslaylik: "Men sizni vijdon degan xomxayoldan ozod qilaman!". Biroq, shuni unutmasligimiz kerakki, "shaxs mansub bo‘lgan hech qanday umumiy narsa uning (shaxsning) ichki dunyosini butunlay yo‘q qilishga qodir emas... Vaziyatlarga qarshilik ko‘rsatishning umuman imkoni yo‘qligi sharoitida inson insoniylik qoldiqlarini saqlamasdan turib o‘zi bilan tinchlikda bo‘la olmaydi – bu faqat nochorlik va harakatsizlik keltirib chiqaradigab dard bilan ifodalansa ham”. (N. Rottenshtrayx, “Shaxs va shaxsiy javobgarlik, Yad Vashem to‘plami, 5-jild 1962 yil, 24-25-betlar. "Men aybdor emasman - menga shunday o‘rgatishgan!" degan e’tirozga qahramon "Hammaga shunday o‘rgatishgan, lekin negadir aynan sen a’lochi bo‘lib chiqding", deb javob bergan "Ajdaho - 1943" pyesasining muallifi E.Shvarts zukkolik bilan ta’kidlaganidek, mas’uliyatni doimiy ravishda tizim yelkasiga yuklab bo‘lmaydi.
- Ushbu fotosurat sizga "bystanders"-“chetda turib kuzatadiganlar” mas’uliyati haqida nima
deyapti? - Nima uchun boshqalarning befarqligi haqidagi xotiralar Xolokostdan omon qolganlar
uchun eng og‘riqlidir?
Xulosa o‘rnida
Eliyagu Salpeter, "Ular undan so‘rashdi: "Sen nimani his qilding?" Xa-arets, 26. 06. 2005
2005 yilning 9-yanvar kuni nemis haftalik jurnali “Shpigel”da SS zobiti “Aushvitslik hisobchi” Oskar Grening bilan suhbat chop etildi. Lagerga olib kelinayotgan yahudiylardan olib qo‘yilgan pullarni yig‘ib, qayta hisoblab seyflarga taxlab qo‘yadigan hisobchi aynan shu odam bo‘lgan. Greningning otasi Birinchi jahon urushidan ko‘p o‘tmay tuzilgan o‘ta o‘ng "Temir dubulg‘a" yoshlar harakatining a’zosi bo‘lgan va o‘g‘lini xuddi shunday ruhda tarbiyalagan, ammo bu Oskarning yahudiy qizchasi, qo‘shnisi Zeligning qizi bilan do‘st bo‘lishiga to‘sqinlik qilmagan. Bir kuni Zeligga tegishli do‘konda “Nemislar, yahudiylardan xarid qilmanglar!” degan plakat paydo bo‘lgani ham uni xijolat qilmadi.
Jurnalist undan plakatni osib qo‘ygan odamlar to‘g‘risida nima deb o‘ylagani haqida so‘raganida, Grening shunday javob berdi: "Hech narsa, mutlaqo hech narsa..."
1940 yilda Grening SSga ko‘ngilli sifatida a’zo bo‘ladi: "Ularning formasi shunday chiroyli edi..." U Germaniyaning buyuk missiyasiga - jahon yahudiyligini yo‘q qilishiga chin dildan ishongan edi.
...Bir kun uning ko‘z o‘ngida hamkasbi bir zarba bilan yahudiy bolaning bosh suyagini yorib yubordi. O‘sha tunda u uxlay olmadi. Vaholanki, uning so‘zlariga ko‘ra, u bir shaxsning vahshiyona shafqatsizligi bilan butun bir jamiyat tomonidan sodir etilayotgan ommaviy qirg‘inlar o‘rtasidagi farqni yaxshi bilgan:
“Yovuzlik vahshiylikdir, biroq urushdagi ommaviy qirg‘in esa qonuniydir”.
U yahudiylarning gaz kameralariga yuborilayotganini bilganida nima haqida o‘ylardi?
Bu faqat urush vositasi ekanligi haqida: "Zamonaviy urush ilg‘or usullar bilan olib boriladi".
- Shunday bo‘lsa-da, nimani his qilar edingiz? - jurnalist so‘rashda davom etadi. "Hech narsa, - deydi Grening, - “Tan olishim kerakki, odamlar o‘ldirilayotganini bilganingda, sen ertami-kechmi odamlar o‘lishini tushunib yetasan. Men sodir bo‘layotgan voqealarning to‘liq dahshatini faqat qurbonlarning qichqirig‘ini eshitganimda his qildim”. U ruhiy tushkunlikni boshidan kechirdi va uni boshqa joyga ko‘chirishlarini so‘radi.
...Bir necha soat davom etgan suhbat Greningning shinam uyida bo‘lib o‘tdi. Xotini vaqti-vaqti bilan mehmonlarga ichimlik va buterbrodlar keltirib turdi, lekin o‘zi ular bilan bir daqiqa ham o‘tirmadi. 1948 yilda Grening ingliz asirligidan uyiga qaytganida, u xotiniga shunday dedi: "Ikkalamizga ham yaxshilik qil - savol berma". O‘shandan beri u hech narsa haqida so‘ramaydi va o‘tmish haqida hech narsa eshitishni xohlamaydi.
...Greningning so‘zlariga ko‘ra, burilish 1984 yilda sodir bo‘lgan. Bir do‘sti unga shunday dedi: "Odamning ishongisi kelmaydi, lekin hozir ular Xolokost deb ataluvchi narsani inkor etuvchi odamlar ustidan sud o‘tkazilishini talab qilmoqdalar, rostini aytganda, bu hech qachon sodir bo‘lmagan". Xuddi o‘sha do‘sti unga neonatsist Tirs Kristoferson tomonidan yozilgan "Aushvits yolg‘onlari" kitobini o‘qish uchun berdi. Bir necha kundan keyin kitob Kristoferson nomiga yozilgan xat bilan birga qaytarildi: “Men hammasini ko‘rganman. Gaz kameralari, krematoriylar, tanlashlar. Aushvitsda bir yarim million yahudiy o‘ldirilgan. Men u yerda bo‘lganman".
"Siz aybdormisiz?" - deb so‘raydi jurnalist yana. Grening uzoq vaqt o‘yga toladi. Uning uchun javobni to‘g‘ri shakllantirish juda muhimdir. Nihoyat, u javob beradi: “Aybdorlik hissi shaxsan sen qilgan ish bilan bog‘liq. Men qotilliklarda bevosita ishtirok etmaganman va shuning uchun men shaxsan aybdor emasligimga ishonaman. Men bu jinoyatni sodir etgan jamiyatning bir qismi bo‘lganim uchun yahudiy xalqi oldida o‘zimni aybdor deb his qilaman, lekin baribir shaxsan o‘zim hech kimni o‘ldirmaganman... Men har doim yahudiy xalqidan kechirim so‘rayman va Xudodan kechirim so‘rayman - lekin haligacha javob olmadim…”
O‘qituvchi uchun didaktik takliflar:
- Qo‘llanmaning turli bo‘limlaridan bir nechta hujjatni sarlavhasiz tarqating. O’quchilarga “chetda qarab turadiganlar”ning his-tuyg’ulari va xatti-harakatlariga mustaqil ravishda ta’rif berishni taklif qiling.
Taqdim etilgan guvohliklar, hujjatlar va adabiy parchalardan foydalanib, “bystanders” - "chetda qarab turadiganlar" mavzusidagi 45 daqiqalik dars uchun o‘zingizning modelingizni yarating.
- Muhokama mavzusi sifatida berilgan parchalarda so‘z yuritilgan qahramonlardan faqat bittasining xatti-harakatlarini olib ko‘ring.
Variantlar:
- himoya va ayblovchining dalillari tinglanishi kerak bo‘lgan tayyorgarsizlik tashkil etilgan "sud";
- "Yordam berishga urinishlar" bo‘limiga qo‘yilgan savolni "ma’qul" va "qarshi" dalillar bilan muhokama qilish.
- qo‘llanmada taklif etilgan mavzulardan biri bo‘yicha devoriy gazetani tayyorlash;
- qo‘llanmada chop etilgan hikoyalardan birini sahnalashtirish
Adabiyotlar ro‘yxati:
- Aba Kovner. Guvohlik kitobi. Aliya kutubxonasi, 1990 yil.
- Lev Ginzburg. Choh. Sovetskiy pisatel, 1985 yil.
- Ilya Kabanchik (tuz.), Ukrainadagi yahudiylar. O‘quv-metodik materiallar. Dnepropetrovsk, 2004 yil
- Martin Feller. Poshuki, spogadi, rozdumi... (ukrain tilida) Drogobich, Vidrodjennya,1998 yil.
- Sarra Neshamit. Mapu ko‘chasidagi bolalar. Aliya kutubxonasi, 1973 yil
- Anatoliy Kuznetsov (A. Anatoliy). Babiy Yar. Roman-hujjat. Kiev, Radyanskiy pismennik, 1991 yil
- Ilya Altman. Nafrat qurbonlari. SSSRda xolokost 1941 - 1945. “Kovcheg” jamg‘armasi, Moskva 2002 yil.
- Vasiliy Grossman, Ilya Erenburg (tahr.), Qora kitob. 1941-1945 yillardagi urush paytida Sovet Ittifoqining vaqtincha ishg‘ol qilingan hududlarida va Polsha lagerlarida nemis-fashist bosqinchilari tomonidan yahudiylarning yovuzlarcha va keng tarqalgan o‘ldirilishi haqida. Yad, Vilnyus, 1993 yil.
- Noma’lum qora kitob. Quddus-Moskva, 1993 yil.
- Victoria J. Barnett. Bystanders. Conscience and Complicity During the Holocaust. Greenwood Press, Westport, Connecticut - London, 1999.
- Laurence Reeth, The Nazis – A Warning from History, BBC. London, 2002 (Chapter V: “The Road to Treblinka” pp. 127-156).
- Natan Rotenshtrayx. "Shaxs va shaxsiy javobgarlik". Yad Vashem to‘plami, 5-jild, 1962 yil (ibroniy tilida).
- Michael R. Marrus. The Holocaust in History. Toronto, 1987, pp.156-183.
- David Cesarani, Paul A. Levin (ed.), ‘Bystanders’ to the Holocaust: A Re-evaluation. London – Portland, 2002.
- Vigantas Vareykis, "Litva Quddusidan Ponargacha – Falokat nuqtai nazaridan yahudiy-litva munosabatlari", Beshvil xa-zikaron (Yad Vashem xalqaro maktabi oyligi), 2000 yil oktyabr- noyabr, 9-19-betlar.
- Alfonsas Eidintas, Jews, Lithuanians, and the Holocaust, Vilnius, 2003, pp. 363-365