Qo‘llanma tuzuvchilari: Irit Abramskaya (Irit Abramski), Noa Sigal (Noa Sigal)
Davomiyligi: 1 dan 3 darsgacha (o‘qituvchining imkoniyatlaridan kelib chiqib)
O‘qituvchi uchun so‘zboshi
O‘qituvchi uchun so‘zboshiO‘qituvchi uchun so‘zboshi
a) Bolalar va Xolokost
Xolokost paytidagi bolalarning taqdiri tarixning eng og‘ir va qon tomib turgan sahifalaridan biridir. Bir yarim million yahudiy bolasi Xolokost olovida halok bo‘ldi, chunki natsistlar mafkurasi nuqtai nazaridan butun yahudiy xalqi ommaviy qirib tashlanishi kerak edi. Natsistlar tarixning dvigateli aynan irqiy nazariya ekanligini da’vo qilishar edi. Ushbu nazariyaga ko‘ra, butun insoniyat irqlarga bo‘linar edi: oliy irq - masalan, nemislar va eng past irq va unga, xususan, polyaklar, litvaliklar, ruslar va ukrainlar kirar edi. Yahudiylar umuman odam zotiga kiritilmagan va shuning uchun ular Yer yuzidan g‘oyib bo‘lishlari kerak edi. Ularning faqat ba’zilari, ya’ni eng mehnatga layoqatlilari, erkin mehnatga ehtiyoj bor ekan, vaqtincha tirik qolishi mumkin edi. Bolalar aholining "mahsulsiz" qismi bo‘lganligi sababli, ular birinchi navbatda o‘lim lagerlariga deportatsiya qilindi va ular yahudiy xalqini muntazam ravishda yo‘q qilishning birinchi qurbonlari bo‘lishdi. Bolalarni o‘lim lagerlariga yuborish ("bolalar aktsiyalari") - bunda bolalar tom ma’noda ota-onalari qo‘lidan yulib olinar edi - guvohlarning xotiralarida eng og‘ir iz qoldirdi.
b) Bolaning oiladagi rolining o‘zgarishi
Mavzuni to‘g‘ri taqdim etish uchun biz o‘quvchilarni bolaning oiladagi mavqei qanchalik o‘zgarganligini tushunishga olib borishimiz kerak. Bu davrda yahudiylar hayotining asoslari buzildi, uni qo‘llab-quvvatlovchi barcha chegaralar va ijtimoiy tuzilmalar vayron qilindi va bu birinchi navbatda yahudiy oilasiga ta’sir qildi. Agar normal sharoitda bola oilaning eng zaif va eng qaram, kattalar himoyasiga muhtoj a’zosi bo‘lishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, endi biz ko‘p hollarda bolalar va kattalar o‘rnining almashib qolganini ko‘ramiz - oilani ta’minlash yuki bolalar zimmasiga tushadi, bolalar kattalarni qo‘llab-quvvatlash va tasalli berishga majbur bo‘ladi, ular bolalarga mutlaqo yot bo‘lgan qo‘rquv va tashvishlar girdobida qoladi.
Bu holat hatto yosh bolalar oldiga ham bola odatda bermaydigan savollarni qo‘yar edi:
- Endi oilani kim boqadi?
- Yoppasiga qashshoqlik va ochlik sharoitida oilani qanday ta’minlash mumkin?
- Oilani boqish uchun o‘g‘rilik qilsa bo‘ladimi?
- Bu sharoitda "yaxshi" va "yomon", "mumkin" va "mumkin emas" tushunchalari nimani anglatadi?
- Qanday qilib o‘lim soyasida yashashni davom ettirish mumkin?
Ular o‘z yelkalariga olishga majbur bo‘lgan mas’uliyat yuki, ular boshiga tushgan bolalarga xos bo‘lmagan taassurotlar – ulardan eng og‘irlari yaqinlarining g‘oyib bo‘lishi va o‘limi edi – bolalarcha soddalik va samimiylikning yo‘qolishi va erta ulg‘ayishga sababchi bo‘ldi.
Shunga qaramay, ko‘pincha Xolokost paytidagi hayot xotiralari tirik qolgan bolalarning ko‘pchiligi uchun bolalikning so‘nggi qo‘msaladigan xotirasi, onaning mehribon qo‘llari va otaning ishonchli yelkalari haqidagi so‘nggi xotirasi bo‘lib qoldi; chunki aynan shu davrda ularning oila bag‘ridagi so‘nggi kunlari o‘tdi - lagerlarga va qatl uchun deportatsiya qilinganidan so‘ng oila a’zolari bir-biridan majburan ajratilar va qaytib uchrashmas edilar.
v) Xolokost davrida bolalar o‘yinlari va o‘yinchoqlarining roli
Xolokost yillarida mavjud bo‘lgan barcha dahshatlarga qaramay, g‘ayritabiiy ravishda biz ko‘pincha bu davrda aynan bolalarda mavjud sharoitga qarshi turish uchun kuch - kattalar uchun har doim ham etarli bo‘lmagan kuch topilganligini ko‘ramiz. Bu chidamlilikning manbai kattalar uchun yetishmayotgan narsada – bolalarning jonli tasavvurida, saqlanib qolgan o‘ynash istagida, dahshatli voqelikni unutib, orzularga sho‘ng‘ish qobiliyatida yotadi. Hatto eng aql bovar qilmaydigan sharoitlarda ham bolalar o‘ynashni, o‘zlari uchun o‘yinchoqlar qidirishni va ixtiro qilishni davom ettirdilar, hech narsaga qaramay, bola bo‘lib qolishda davom etdilar. Haqiqatni o‘yin va fantaziya orqali o‘zgartirish qobiliyati bolalarga nafaqat jismonan omon qolishga, balki ruhiy muvozanatni saqlab qolishga, g‘ayritabiiy sharoitlarda normal qolishga yordam berdi.
g) Pedagogik yondashuv va didaktik uslublar
Ushbu qo‘llanma Xolokost davridagi bolalik dunyosining - go‘yo turli qutblar orasida mavjud bo‘lgan dunyoning - umid va umidsizlik, orzu va haqiqat, erta ulg‘ayish va bolalikning saqlanib qolgan soddaligi o‘rtasidagi qarama-qarshilikni anglash va tushunishga urinishdir. Bu qarama-qarshilikning bari bola joniga doimiy ravishda soya solib turgan o‘lim tahdidi, oddiy omon qolish uchun har kun va har soat kechadigan kurash sharoitida yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Yosh o‘quvchilarimiz tomonidan ushbu mavzuni idrok etishning barcha murakkabligini tushungan holda, muallif ataylab tushunish uchun qulay va oson bo‘lgan, eng muhimi, har qanday bola hamdard bo‘ladigan vaziyatlarni tanlab oldi. Xolokost mavhum tarixiy voqea sifatida emas, balki o‘quvchilarimiz bilan bir xil yoshdagi muayyan bir bolaning taqdiri sifatida o‘rgatilsagina bu hamdardlik ro‘y berishi mumkin bo‘ladi. Bu yerda taqdim etilayotgan barcha voqealar omon qolgan bolalar haqidagi voqealar ekanligi ham juda muhimdir, bu yosh kitobxonlar doimo intiqlik bilan kutadigan "baxtli yakun" topgan voqealardir.
Didaktik vosita sifatida muallif o‘yinlar va o‘yinchoqlar haqidagi hikoyalardan foydalanadi. Dunyoda bolalik xotirasida doimo alohida o‘rin tutadigan sevimli o‘yin yoki o‘yinchog‘iga ega bo‘lmagan bola bo‘lmasa kerak.
Bolalar uchta (Polshadan, Vengriyadan va Frantsiyadan bo‘lgan) yahudiy qizchalarga tegishli bo‘lgan uchta qo‘g‘irchoq haqidagi hikoyalar bilan tanishadilar. Ushbu tanlov bizga uchta turli mamlakatda sodir bo‘lgan Xolokost voqealarini solishtirish va shu bilan bolalarni Xolokostning Yevropa xaritasidagi geografik hududi bilan tanishtirish imkoniyatini beradi. Uch qizcha, uchta qo‘g‘irchoq, uchta taqdir.
Qizchalarning har biri uchun qo‘g‘irchoq shunchaki o‘yinchoq emas edi - unga qo‘g‘irchoq jajji egasining ruhiy holatiga va turli mamlakatlarda turlicha shakllanayotgan sharoitlarga qarab o‘ziga xos rol ajratib berilgan edi. O‘qituvchining vazifasi bolalarda har bir qo‘g‘irchoqning individual "sirini" mustaqil ravishda ochish uchun ularning tabiiy qiziqishini uyg‘otishddan iboratdir.
d) Qo‘llanmaning axloqiy vazifasi
Xolokost yillarida yahudiylar insonning oddiy yashash huquqidan - erkin harakatlanish, tirikchilik qilish, o‘qitish, ta’lim berish va hatto farzand ko‘rish huquqidan mahrum qilingan edi. Bu yillar oila, qo‘shniga muhabbat, do‘stlik va o‘zaro yordam kabi asosiy insoniy qadriyatlar shubha ostiga olingan davr edi. Qo‘llanma, xususan, hozirgi zamon bolasiga uy, oila, maktab va tengdoshlar doirasi kabi oddiy, o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lgan narsalarni qadrlashni o‘rganishga yordam berish uchun mo‘ljallangan - Xolokost paytida tengdoshlari bularning barchasidan majburan mahrum qilingan edi. Ko‘rib chiqilayotgan hollarda murg‘ak bola uchun bu chidab bo‘lmas yo‘qotishning o‘rnini aynan qo‘g‘irchoqlar qaysidir ma’noda qoplaydi.
Qo‘llanma bilan ishlashni bir necha bosqichlarga bo‘lish taklif etiladi:
- Kirish. Yordamchi savollardan so‘ng bolalarga qo‘g‘irchoqlar va ularning egalari haqida qisqacha taqdimot bilan birga har uchta qo‘g‘irchoqning "portretlari" havola etiladi.
- Har bir qo‘g‘irchoqning taqdiri haqida batafsil hikoya. Shuni ta’kidlash kerakki, hikoyalar
ketma-ketligi tasodifan emas, balki "oddiydan murakkabgacha" tamoyiliga muvofiq tanlangan. - Yakuniy qism.
Kirish
KirishI. Mavzuni yordamchi savollar orqali taqdim etish:
Falokat (Xolokost, Shoa) nima? (Ulug‘ Vatan urushi mavzusida Yevropa yahudiylarining
Falokati mavzusini ajratib ko‘rsatish uchun ushbu savoldan foydalaning)- Falokat qanday rangda edi? (Odatiy javoblar - qora, kulrang qizil)
- Bu yilning qaysi faslida sodir bo‘lgan? (Odatiy javob - kuz yoki qish)
- Halokat qayerda yuz berdi? (Odatiy javob - Polshada yoki Germaniyada)
Shakllanib bo‘lgan stereotiplarni yo‘q qilishga harakat qilib ko‘ramiz. Falokat olti yil davom etdi, bu davrda fasllar doimiy ravishda o‘zgarib turar edi. Falokat rang-barang edi. Falokat qit’aning turli qismlarida uchta jajji qahramonimiz yashaydigan butun Yevropani qamrab olgan edi.
II. Bolalarga illyustratsiyalarni ko‘rib chiqishni taklif qilamiz: har bir hikoya uchun uchta fotosurat - qo‘g‘irchoqning "portreti", qizchaning portreti, qo‘g‘irchoq egasining bugungi kundagi portreti.
III. Bolalarni uchta turli mamlakatda istiqomat qilgan uchta yahudiy qizchasi va ularning qo‘g‘irchoqlari bilan tanishtiramiz,
Klodin Shvarts-Rodel - qo‘g‘irchoq Kolett (Frantsiya)
Eva Modval-Xaymovich - qo‘g‘irchoq Jerta (Vengriya)
Yael (Zosya) Zaychik-Rozner - qo‘g‘irchoq Zuzya (Polsha)
IV. Asta-sekin biz har bir qo‘g‘irchoq sevimli o‘yinchoq bo‘lishdan tashqari yana bir qo‘shimcha rolga ega ekanligini bilib olamiz.
Kolett – oilaning seyfi
Jerta- yagona dugona
Zuzya - Zosyaning o‘zi uchun o‘ynaydigan doimiy "qizcha-onalar" o‘yinidagi qizchasi.
2. Har uchala qo‘g‘irchoq birinchi marta 1997 yilda “Bolalarga xos bo‘lmagan o‘yinlar"
ko‘rgazmasida taqdim etilgan (ko‘rgazma muallifi - Yudit Inbar). Hozirda ular yangi Yad
Vashem tarixiy muzeyi ekspozitsiyasining bir qismidir.
I. "Kolett"
I. "Kolett"a) Kolett kim edi va u qanday ko‘rinishga ega edi?
Kolett
Kolett juda bashang qo‘g‘irchoq edi - 1943 yilda, Klodinning o‘zi allaqachon 7 yoshga to‘lganida, uning onasi qo‘g‘irchoq uchun urushdan oldingi tabiiy ipakdan tikilgan chiroyli tungi ko‘ylagini buzib, undan qo‘g‘irchoq uchun ajoyib ko‘ylak tikib berdi. Bu ko‘ylak faqat qo‘lda tikilgan va yorqin xalq liboslari kabi- bu oila xalq raqslarini juda yaxshi ko‘rar edi- ko‘plab rangli tasmachalar bilan bezatilgan edi. Ko‘ylakka qo‘shimcha sifatida pushti rang to‘rli ko‘ylakcha va shu rangdagi paypoqchalar tikildi va Kolettning oyoqchalarida haqiqiy charmdan yasalgan poyabzali bor edi. Qo‘g‘irchoq haqiqiy sohibjamol edi – u egiltirilganida uzun kiprikli katta ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilar va u "O-yi” derdi. Qo‘g‘irchoqning nomini uning jajji egasining o‘zi tanlagan va eng yaqin dugonasining nomi bilan atagan edi.
b) Klodin va uning qo‘g‘irchog‘i Xolokost davrida.
Nemislar Parijni egallab, yahudiylar xavf ostida qolganda, Shvartslar oilasi provintsiyaga qochishga qaror qiladi. Ota-onasi bilan o‘z ona shahrini tark etar ekan, Klodin, albatta, Kolettdan ajralishni xohlamadi. Bu uning uydan o‘zi bilan birga olib ketishi mumkin bo‘lgan yagona o‘yinchog‘i edi. Ular mamlakatning butun shimoliy (nemislar bosib olgan) qismidan to janubga, Vishi hukumati hokimiyati ostidagi hududlarga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tadilar. Bu xavfli sayohat faqat qalbaki hujjatlar tufayli amalga oshirilishi mumkin edi, Shvartslar oilasi bu vaqt davomida doimo fosh etilish xavfi ostida bo‘ldi, ular doimo bir poyezddan boshqasiga o‘tishga majbur bo‘lar va kechki paytlarni ularni hech kim ko‘rmasligi uchun qorong‘i kino zallarida o‘tkazar edilar. Klodin ham o‘ylab to‘qilgan ism ostida sayohat qilgan - avval uning ismi Fransuaza, keyin esa Mishel bo‘lgan.
Jajji Klodin barcha qo‘rquvlarini kimga ham ayta olar edi? Albatta, qo‘g‘irchog‘i Kolettga-da. Klodin qo‘g‘irchog‘idan bir daqiqa bo‘lsa ham ayrilmas edi, tashqarida sovuq bo‘lganda uni ro‘moliga o‘rab olar edi. U qo‘g‘irchog‘iga endi boshqa birovning ismiga javob berishi kerakligini va endi uning ham ismi Fransuaza ekanligini aytdi. Ismining o‘zgarishi qizchaga juda qattiq ta’sir qildi, u nima uchun birdan yashirinishi kerakligini, u dunyo oldida qanday gunoh qilib qo‘yganligini va uning haqiqiy ismi Klodin nima uchun yomon ekanligini tushuna olmas edi. Shu og‘ir kunlarda uni tark etmagan, xuddi uning egasiga o‘xshab yolg‘on nom ostida yashirinishga majbur bo‘lgan chin dugonasi borligigina unga tasalli berar edi. "Kolettning doimo men bilan birga bo‘lishi men uchun juda muhim edi", degan edi keyinchalik Klodin, "chunki men u bilan doimo gaplashar edim va unga barcha qayg‘ularimni aytar edim. Unga nima va qanday qilib aytganimni aniq eslay olmayman, lekin men uchun aynan u qiyin paytlarda meni qo‘llab-quvvatlagan tirik jon edi”.
Savollar:
- Nima uchun Klodin qo‘g‘irchoqning ismini o‘zgartirdi?
- Nima uchun insonning o‘zligini saqlab qolishi juda muhim?
- Oxirgi iborani qanday tushunasiz: "Unga nima va qanday qilib aytganimni aniq eslay olmayman, lekin men uchun aynan u qiyin paytlarda meni qo‘llab-quvvatlagan tirik jon edi"?
d) Ushbu hikoyada qo‘g‘irchoq o‘ynagan qo‘shimcha rol
Klodin qo‘g‘irchog‘i bilan bog‘liq eng og‘ir taassurotlarning birini 1943 yil oktyabr oyida oila Kannda bo‘lganida boshidan kechirishga majbur bo‘lgan edi. Klodin yarim tunda uyg‘onib ketadi va to‘satdan qo‘g‘irchog‘ining uning yonida yo‘qligini bilib qoladi. “Men qo‘g‘irchog‘imning qayerda ekanligini so‘rash uchun onamni chaqira boshladim, - deb hikoya qiladi Klodin, - va to‘satdan oshxonada Kolettimni ko‘rib qoldim, u negadir bo‘lak-bo‘lak qilib qo‘yilgan edi. Dadam u bilan ovora bo‘lib, uni qayta yig‘ishga urunar edi, men esa bu yerda nima bo‘layotganini tushuna olmas edim. Keyin onam menga Kolett mening qo‘g‘irchog‘imgina emas, balki u bizning "maxfiy aqchadonimiz" ekanligini tushuntirdi - biz unda barcha pullarimiz va qimmatbaho narsalarimizni saqlaymiz. Biz Parijni tark etishimizdan avval onam qo‘g‘irchoqni bo‘laklarga ajratdi va ichiga tilla tangalarni yashirib qo‘ydi; ularning har biri jiringlamasligi uchun mato bo‘lagi bilan yaxshilab o‘ralgan edi. Qo‘g‘irchoqning ichida ham tangalar qimirlamasligi va u yerda biror narsa borligini bilib qolmasligim uchun hammasi mato bilan o‘rab qo‘yilgan edi. Men Kolettni birinchi marta sovg‘a sifatida olganimda, u "oyi" deb ayta olar edi va endi esa mexanizmi, aftidan, buzilib qolgan edi. Balki, u endi ulg‘aygandir va endi onasini chaqirishga hojat qolmagandir? Darbadarlikning og‘ir davrida oila asta-sekin oltin va zargarlik buyumlarini oziq-ovqatga almashtirib, qo‘g‘irchoqning ichida yashirilgan boylik evaziga kun ko‘rar edi.
Savollar:
- Nima uchun Shvartslar oilasi pulni qo‘g‘irchoq ichiga yashirishga qaror qildi?
- Sening fikringcha, Klodin qo‘g‘irchog‘i yana qanday maqsad uchun ishlatilganini bilib olganida
nimalarni his qildi? - Sening fikringcha "balki, u endi ulg‘aygandir va endi onasini chaqirishga hojat qolmagandir?
iborasi nimani anglatadi?
e) Urushdan keyin
Qo‘g‘irchoq tufayli Klodin va uning oilasi urush oxirigacha tirik qoldi. Ular Parijdagi uylariga qaytib kelishdi va u yerda, tom va ship oralig‘ida Klodin qo‘g‘irchoq to‘shagi va urushdan oldin onasi tikkan chiroyli choyshab va yostiq jildini topdi. Urushdan keyin ham Klodin qo‘g‘irchoqni avaylab saqlashni davom ettirdi, u endi qo‘g‘irchoqni mo‘jizaviy najotni eslatib turuvchi tumor deb hisoblar edi. Voyaga yetgan Klodin sochlarini kesganda, ulardan Kolett uchun yangi sochlar yasadilar. Klodin turmushga chiqqanida (uning eri ham Xolokostdan omon qolgan frantsuz yahudiysi edi), Kolett u bilan asal oyi sayohatiga birga jo‘nab ketdi va 1970 yilda ularning oilasi Isroilga ko‘chib kelganida, ular o‘zlari bilan qo‘g‘irchoqni olib kelishni unutmadilar. O‘zi avval ona, keyin esa buvi bo‘lgan Klodin faqat vaqti-vaqti bilan avval qizlariga, keyin esa nevaralariga Kolett bilan ehtiyot bo‘lib o‘ynashga ruxsat berar ekan, uni sindirib qo‘ymasliklari uchun doimo kuzatib turar edi.
1996 yilda Klodin boshqa bolalar ham u bilan sodir bo‘lgan voqeani bilib olishlari va har doim suyanishing mumkin bo‘lgan haqiqiy do‘sting borligi va og‘ir damlarda buning qanchalik muhimligi va qanchalik ajoyib ekanligini tushuna olishlari uchun qo‘g‘irchoqni Yad Vashemdagi bolalar ko‘rgazmasiga sovg‘a qildi
Savollar:
- Nima uchun Klodin urushdan keyin ham qo‘g‘irchoqdan ajralmadi?
- Urushdan oldin va urushdan keyin qo‘g‘irchoqqa bo‘lgan munosabat o‘rtasida qanday farq bor?